Moziydan so‘zlovchi bebaho xazina

Foto: Hotam Mamadaliyev, «Xalq so‘zi»
Bugun – Xalqaro muzeylar kuni. Bu sana 1977 yildan buyon an’anaviy tarzda nishonlanib kelinmoqda. Hozirgi kunda muzeylar faoliyatini rivojlantirish, madaniy merosimizni asrab-avaylash, jahon miqyosida targ‘ib etish, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida faxr-iftixor tuyg‘ularini shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish davlatimiz e’tiboridagi muhim vazifalardan biriga aylangan. Buni, mamlakatimiz poytaxtidan tortib, viloyat, tuman markazlari, hatto, olis qishloqlargacha uzoq moziy va yaqin tarixdan hikoya qiluvchi eksponatlar bilan to‘ldirilgan mazkur yo‘nalishdagi muassasalar soni ko‘payib borayotgani ham tasdiqlaydi. Ulardan biri - To‘raqo‘rg‘on tumanining Yakkatom mahallasida joylashgan Axsi osori-atiqalar muzeyi ikki mingdan ortiq noyob eksponatlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, ushbu manzil Markaziy Osiyo turizm yo‘l xaritasiga kiritilgan, shunindek, 1300 dan ortiq ashyolari «Milliy mulk» sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
– Muzeyimizda milodning ilk asridan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda foydalanuvda bo‘lgan noyob topilmalar saqlanmoqda, - deydi muassasa rahbari Bilolxon Rustamov. – Ular orasida ikki ming yillik suvdon, ming yillik shamshir va qilich, bir ming ikki yuz yillik muhr alohida o‘ringa ega. Ayni paytda bugunga kelib ancha torlik qilib qolgan xazinaxonamiz uchun yangi joy hozirlanmoqda.
Namangan viloyatidagi noyob tarixiy yodgorlik Axsikentning uzoq tarixidan hikoya qiluvchi ushbu muzeyga mahalliy aholi, yaqin atrofdagi qiziquvchilardan tashqari xorijlik qadimshunos va sayyohlar ham tez-tez kelib turishadi.
Xalqimizning tarixiy, ilmiy-madaniy va ma’naviy qadriyatlarini to‘plovchi, saqlovchi va namoyish etuvchi shunday maskanlardan yana biri Chortoq tumanining Koroskon qishlog‘ida tadbirkor Jamoliddin Nizomov tomonidan tashkil etilgan. Bu yerda milliy an’ana va qadriyatlar, matbuot va texnika bo‘limlari mavjud. Bosma nashrlar bo‘limida 2000 ga yaqin turli kitoblar, jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalaridan tortib, ko‘plab sohalarga oid ma’lumotlarni o‘zida jamlagan ensiklopediyalargacha saqlanmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonning barcha viloyatlariga tegishli bo‘lgan tarixiy obidalar haqida ma’lumot beruvchi kitoblar to‘plami ham mavjud. Muzeydagi 700 dan ortiq noyob eksponatlar, asori-atiqalar, hujjat, fotosuratlar, mingdan ortiq tanga va qog‘oz pullar, 10 ga yaqin tarixiy avtomashinalar ko‘rgazma tarzida namoyish etilmoqda. Shuningdek, bu yerda Koroskon qishlog‘idan Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilgan sobiq jangchilarga tegishli bo‘lgan buyumlar joylashtirilgan.
Viloyatdagi muzeylar bugun yanada gavjumlashgan. Soha xodimlari bayramga aylangan sanani munosib nishonlayotgan bo‘lsalar, boshqa tashrif buyuruvchilar uzoq va yaqin tarixga oid madaniy meros ashyolari bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring