Moziydan sado beruvchi sirli dargoh

15:46 10 Fevral 2025 Jamiyat
270 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpogʻistonda muhtasham tarixiy muzeylar koʻp. Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyot tarixi davlat muzeyi xalqimizning yozma madaniy-adabiy tarixini kelgusi avlodlarga tanituvchi maskanlardan hisoblanadi. Berdaq Gʻargʻabay oʻgʻlining 170-yillik yubileyi munosabati bilan qurilib, 2002-yilda oʻz faoliyatini boshlagan muzey haligacha sayyohlarni mamnun etib kelmoqda. Dastlab Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qoshida Berdaq milliy muzeyi sifatida ochilgan ushbu maskan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-apreldagi qaroriga muvofiq Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi nomi bilan qayta tashkil etildi. Umumiy maydoni 1,26 gektarni tashkil etadigan muzeyning qurilish loyihasi mashhur arxitektor Orinbay Toreniyazov tomonidan ishlangan.

Mazkur muzey qadim davrlardagi qoraqalpoq adabiyoti tarixidan boshlab, mustaqillik davriga qadar davom etib kelayotgan xalqimizning adabiy turmushi, mumtoz adabiyoti tarixi, uning ijodkorlari aks ettirilgan eksponatlarga boy. Shulardan biri marmar tosh – “Bagʻishlov” deb nomlanib, koʻlami 69x50 sm, qalinligi 10 smdan iborat. Toshda 48 qatordan iborat sheʼriy shakldagi, forsiy tilda bitilgan namuna mavjud va hijriy yil hisobi bilan 1191-yilga (1771-1772 yy.) tegishli. Bu Chimboy tumanidagi “Xon masjidi”ning oʻrnidan topilib muzeyga keltirilgan. Ushbu toshdagi 48 misrada ustozlarga, mudarrislarga, oʻquvchilarga, masjid egalariga har xil topshiriqlar bayon etilgan. Jumladan, “... oʻquvchilarning xulq-atvoridan begʻaraz tarzda ustoz uni oʻqitishi, bilim berishi shart” kabi soʻzlar yozilgan. Muzeyning asosiy fondidan oʻrin olgan ikkinchi eksponat madali chopon hisoblanadi. Bu Berdaq shoirning oʻzi kiygan chopon boʻlib, avlodlaridan biri – Nukus shahrida istiqomat qiluvchi Amangul Allanova tomonidan muzeyga sovgʻa qilingan.

— Muzey fondining asosiy manbai xalqimizning uzoq asrlar mobaynida avaylab-asrab kelgan arab, fors-tojik, turkiy va eski qoraqalpoq tillarida yozilgan qoʻlyozmalar, toshbosma kitoblar, madrasalarda foydalanilgan kitoblar, qoraqalpoq mumtoz adabiyoti namoyandalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat, — deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyining ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Ruslan ARZIYEV. — Bular barcha shahar va tumanlar, qishloqlar va mahallalardagi fuqarolarning oʻz uylarida hozirgi kunga qadar avaylab kelingan turli noyob madaniy ashyolarni muzeyga olib kelib topshirishlari orqali yigʻilgan bebaho moddiy meros hisoblanadi. Muzeyning qoʻlyozma va toshbosma kitoblar fondida hozirgi kunda 300 dan ortiq eski arab tilidagi kitob saqlanmoqda. Ular orasida Berdaqning “Shajara” va “Xorazm” asarlari qoʻlyozmasi, ikki varaqdan iborat Ajiniyoz shoirning “Қиз Меңеш билан айтишуви” ham muzey ekspozitsiyasidan oʻrin olgan. Ajiniyoz shoirning “Foniy dunyoga aytgani” sheʼrlari va Qudaybergen Jebegen oʻgʻlining “Mardikor” asari qoʻlyozmasi muzeyning asosiy fondida saqlanadi. Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri I.Yusupovning shaxsiy kutubxonasidan 2000 dan ortiq kitob, Oʻzbekiston xalq shoiri T.Jumamuratovning uyida saqlanib kelingan yuzdan ortiq buyum, kitob va hujjatlar mavjud. Muzeyimizda dunyodagi mashhur muzeylar bilan mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻizistondagi muzeylar bilan hamkorlikda shartnomalar imzolangan. Oʻtgan yili V.Dal nomidagi Rossiya davlat adabiyoti tarixi davlat muzeyi bilan birgalikda “Adabiyot va muzey dunyosidagi tarjimalar xazinasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiyasi tashkil etildi. A.Tarkovskiy tarjimasidagi “Qirq qiz” dostoni qaytadan nashr etilayotgani qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Konferensiya davomida qoraqalpoq yozuvchi-shoirlarining rus tilidagi kitoblaridan nusxalarini olish boʻyicha oʻzaro kelishuvlarga erishildi.

— Nukusdagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi qoraqalpoq adabiyoti, madaniyatining tarixidan maʼlumot beruvchi maskan hisoblanadi, — deydi Turkiyaning Nejmetdin Erbakan universiteti professori Birol Merjan. — Muzeyda saqlanayotgan eski qoʻlyozmalar, qoraqalpoq klassik adabiyoti namoyondalari boʻlgan Kunxoja, Ajiniyoz, Berdaqlarning ijodi, ularning asarlari bilan yaqindan tanishdim. Yurtimga qaytganimda muzeydagi noyob eksponatlar haqida maʼlumot berish bilan birga, turkiyalik sayyohlarni mazkur tarixiy muzeyni ham oʻz koʻzlari bilan koʻrishga, ham virtual sayohat qilishga taklif etaman.

Haqiqatdan ham, muzeylar tarixning sirli xilqatlarini oʻzida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi koʻprik hisoblanadi. Bu yerda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qoʻlyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak maʼnaviyatidan hikoya qiladi. Nukusdagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi ham xalqlarning madaniyati, adabiyoti va tarixi haqida maʼlumot berish orqali doʻstlik koʻprigini yaratishda muhim maskandir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер