Moʻjizaning ming bir qirrasi

10:52 07 Yanvar 2025 Jamiyat
125 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Peshkoʻlik Istam Quljonov tasodifan Rossiya Federatsiyasining Primorskiy oʻlkasida yashovchi bir onaxon bilan uchrashib qoldi. Shunda ayol betakror tabiatimiz, noz-neʼmatlarimiz haqida soʻz ochib, “Serquyosh yurtingizdagi shirin-shakar meva-cheva, xususan, asaldan toʻyib tanovul qilgan kishining salomatligi joyida boʻladi. Shu boisdan ham har yili qizimni asal tortish mavsumida atayin Oʻzbekistonga dam olgani joʻnataman”, dedi .

— Shu birgina misolning oʻziyoq asalarichilikning bitmas-tuganmas xazina manbai ekanini koʻrsatadi, — deydi I. Quljonov. — Darhaqiqat, asal – shifobaxsh neʼmat. Asalarichilik esa hayotdagi eng kerakli kasblardan biridir.

Istam akaning bu haqda alohida toʻxtalishi bejiz emas. U qator yillardan buyon asalari parvarishi bilan shugʻullanib, katta tajriba toʻplagan. Tabiatning bu mitti hasharotlari toʻgʻrisida soʻz ochilsa, suhbatdoshini aslo zeriktirib qoʻymaydi. Taʼkidlashicha, asalari bir kilogramm bol yigʻish evaziga tabiatga oʻn soʻm foyda keltiradi. Bu oʻrinda gap avvalo, asalarining daraxtlar-u oʻsimliklarni tabiiy changlatishi ortidan hosildorlikning oshishi, shundan keladigan daromad haqida bormoqda.

— Asalarining zahmatli mehnatiga aql bovar qilmaydi, — davom etadi u. — Kuzatganim shuki, ular juda ahil jamoa. Har biri hayotini xavf ostiga qoʻyib nektar yigʻadi. Parchalanmagan nektarni qayta ishlaydi. Nafaqat asali, uning zahri, suti, propolisi, mumi, gulchangi koʻplab xastaliklarga davo sanaladi.

Istam aka Bakfast zotli asalari parvarishi bilan band. Bu zotli jonzotlar sovuqqa chidamli, nektar yigʻishda tinmaydi, ularga hatto mayin yoqqan yomgʻir ham pisand emas. Besh kilometrgacha radiusda uchib, bol yigʻadi. Shu bilan birga qahramonimiz Misr zotli asalarini parvarishlash orzusida. Buni u shu zotli hasharotlar tong sahardan “ishlashi”, kushandasi yoʻqligi, qizil ari-yu, qushlar ham ularni yemasligi bilan izohladi.

Odatda, asalari oilasining bir qutisidan 18-19 kilogramm asal olinadi. Ammo uni tez-tez koʻchirish evaziga bu miqdorni ancha koʻpaytirish mumkin. Istam aka shu boisdan erinmaydi. Uni mavsum paytida goh Samarqandning Qoʻshraboti, goh Surxondaryo, baʼzida Qorovulbozorda koʻrish mumkin.Taʼkidlashicha, yurtimizda yetishtirilgan asal juda qadrlanadi. Xususan, yantoq gulidan olingani dunyodagi eng shifobaxsh asallar qatorida turadi.

Shunday ekan, mahsulotni xorijga eksport qilish borasidagi imkoniyatlar qanday? Axir, asalarichilikka bejiz “Yetti xazinaning biri” deya taʼrif berishmagan.

— Fikrimcha, buning uchun avvalo ixtisoslashgan rostmana naslchilik xoʻjaligi tashkil etish, soha uchun professional kadrlar tayyorlash kerak, — deya mulohaza yuritadi suhbatdoshimiz. — Deylik, bu xoʻjalik ixtiyoriga 1250 gektar yer ajratilsa, u har bir oilaga 40 sotixdan boʻlib berilsa va ishga ilmiy yondashuv asosida kirishilsa, oʻylaymanki, asalimiz jahon bozoridan mustahkam oʻrin egallaydi. Qolaversa, yurtimizdagi barcha ariq va zaxkashlar boʻyiga oq akatsiya, pavloniya kabi manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazish kerak. Ular asalarining nektar yigʻishi uchun eng yaxshi manba vazifasini oʻtaydi. Masalan, oq akatsiya boshqa daraxtlarga nisbatan ancha koʻp — 15 – 20 kun davomida gullab turadi. Undan nektar yiqqan bir asalari oilasi 25 – 30 kilogrammgacha asal beradi.

Bu masalaga urgʻu berilishining boisi bor. Jahon bozorida asalari xarididan avval mijozlar u yoki bu yurtda qanaqangi daraxt-u oʻsimliklar parvarish qilinayotgani, ular qancha maydonni egallagani bilan albatta, qiziqib koʻrishadi.

Yana bir tomoni borki, asalarichilik bilan uyda turib ham shugʻullanish mumkin. Bandlik, kambagʻallikni qisqartirish, oilalar roʻzgʻorini but qilish kabi dolzarb masalalar yechimida u juda asqatadi. Deylik, soha uchun noqulay kelgan 2024-yilda Istam aka yetti tonna asal oldi.

Bu tinib-tinchimas, oʻqib-oʻrganishni kanda qilmaydigan inson bilan xayrlashar ekanmiz, u sohadan daromad olishning yana bir vositasi haqida toʻxtaldi. Biz asalari pavilyonini nazarda tutayapmiz. Istam aka koʻp qavatli, tortmali pavilyondan foydalanishni yoʻlga qoʻygan. U qulay va tejamkor. Bu pavilyondan 1,5 tonna asal olish mumkin. Eskisidan foydalanilganida esa bu miqdor 800 kilogrammni tashkil etadi, xolos.

Xulosa shuki, har qanday yumush professional yondashuvni talab qiladi. Hamma gap ish koʻzini bilishda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?