Monitoringlarda zoʻravonlik masalalari bilan ishlash boʻyicha xalqaro tajriba oʻrganildi

10:49 05 Mart 2023 Jamiyat
647 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarga oʻtkaziladigan monitoringlarda zoʻravonlik holatlari va ularni bartaraf etish masalalariga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi.

Seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) xodimlari, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimizda fuqarolar huquqi, erkinligi kafolatini yanada kuchaytirish, jumladan, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik maqsadida keng koʻlamli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, 2019-yildan Ombudsman huzurida qiynoqlarni oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm joriy etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili boshchiligida uning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari aʼzolari va OAV ishtirokida muntazam ravishda penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari oʻtkazib kelinmoqda. Monitoringlarda muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan taʼminlanishi, kerakli tibbiy xizmat koʻrsatilishi, ruxiy yoki jismoniy bosimlarning mavjud va mavjud emasligi oʻrganilmokda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Ombudsman tomonidan 2019-yilda 46 marotaba, 2020-yilda 71 marotaba, 2021-yilda 177 marotaba, 2022-yilda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Natijada harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha Parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatilishiga erishildi.

Ombudsman F.Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, 2022-yilda Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan jami 3235 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan. Bu esa yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning Ombudsmanga erkin murojaat qila olish imkoniyati yaratilganligini koʻrsatadi.

Seminarga trener sifatida jalb etilgan YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi eksperti Paulin Makkeyb, tanlangan mavzuning gʻoyat dolzarb ekanligiga toʻxtalar ekan, bu muammo dunyo miqyosidagi hal etilishi lozim boʻlgan masalalardan ekanligini bildirdi.

“Shimoliy Irlandiyadagi mahbuslar Ombudsmani sifatida 5 yillik tajribaga egaman. Aytishim lozimki, penitensiar muassasalardagi shaxslar ularga zoʻravonlik qilingani boʻyicha koʻpincha sukut saqlashadi. Shuning uchun ham bu illat juda koʻp davlatlar tajribasida kuzatiladi. Oʻzbekiston Ombudsmani tomonidan ayni mavzuga alohida eʼtibor qaratilgani juda quvonarli. Mamlakatingizdagi islohotlar ijobiy natijalarni koʻrsatayotgan boʻlsa-da, seminar davomida berilgan xalqaro tajriba va koʻnikmalar ishtirokchilar uchun foydali boʻldi” deydi u.

Ozodlikni cheklash joylarida oʻtkaziladigan monitoringlarda zoʻravonlik masalalari” mavzusida tashkil etilgan seminar treningda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va huquqni qoʻllash amaliyotida gender masalalari, qamoqqa olish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zoʻravonlik sodir boʻlish xavfini aniqlash va bu boradagi xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar, mahkum va mahbuslar bilan muloqot koʻnikmalari va boshqa mavzularda muhokamalar oʻtkazildi.

Oʻzaro savol-javob va qiziqarli interaktiv oʻyinlar orqali tashkil etilgan 3 kunlik seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер