M.Omonov: “Daromad boʻlsa bas, qolgani bilan nashriyotlarning bosh ogʻritgisi kelmaydi”

16:21 28 Mart 2019 Jamiyat
1672 0

Illyustrativ foto

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar agentligida “Nashriyotlar faoliyati: bugungi kitobxon ehtiyojini qondirishning dolzarb masalalari” mavzusida amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

“2018 yil 1 dekabr holatiga koʻra, mamlakatimizda 155 ta nashriyotga litsenziya berilgan, – dedi Nashriyot-matbaa sohasini rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi Muhiddin Omonov. – Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markaz (avvalgi Monitoring markazi) va uning mintaqaviy boʻlimlariga 2018 yilda Oʻzbekiston Respublikasida chop etilgan 2322 ta kitobning majburiy nusxalari taqdim etilgan. Mazkur kitoblar monitoringi natijasida yil davomida 351 ta qonunbuzilish holati aniqlangan”.

Kitoblarda:

-haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, notoʻgʻri maʼlumotlar tarqatish (“Surxon-nashr”, “Xorazm”, “Quvonchbek-Mashhura” va boshqa nashriyotlar);

-yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy talablariga rioya qilmaslik (“Ijod press”, “Yurist media markazi”, “Zarafshon” va boshqa nashriyotlar);

-imloviy-uslubiy xatolarga eʼtiborsizlik (“Yangi asr avlodi”, “Noshirlik yogʻdusi”, Gʻafur Gʻulom nomidagi va boshqa nashriyotlar);

-diniy adabiyotlarni bosmadan chiqarishda sifatdan koʻra, sonni ustun qoʻyish (Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi) tendensiyasi saqlanib qolayotgani maʼlum qilindi.

2018 yilda nashriyotlar tomonidan eng koʻp eʼtibor qaratilgan mualliflar oʻnligi:

1. Oʻtkir Hoshimov,

2. Abdulla Qodiriy,

3. Gʻafur Gʻulom,

4. Azamat Qorjovov,

5. Choʻlpon,

6. Oybek,

7. Tohir Malik,

8. Nurali Qobul,

9. Nabijon Hoshimov,

10. Xudoyberdi Toʻxtaboyev.

Agentlik bosh mutaxassisi Muhiddin Omonovning aytishicha, 2018 yilda nazorat nusxalari taqdim etilgan kitoblarning 48 foizini badiiy adabiyotlar tashkil etadi, bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan bosma mahsulotlar koʻlami esa 4 foizga ham yetmaydi.

Seminarda milliy kitob bozorida bir necha martalab qayta nashr etilayotgan yoki bir nashriyotning mulki boʻla turib, boshqa nashriyot tomonidan huquqiy vorislikka rioya qilinmay chop qilinayotgan asarlar uchrayotgani qayd etildi.

Agentlik mutasaddilari bunday kitoblar tarjima asarlar sotilib ketishiga qarab qayta-qayta chiqarilaverishini bildirdi. Hech kim kitobxon ehtiyojini yangi zamon ruhi bilan sugʻorilgan original kitoblar yaratish yoʻli bilan qondirish ustida bosh qotirmaydi.

“Daromad boʻlsa bas, qolgani bilan nashriyotlarning bosh ogʻritgisi kelmaydi, – dedi Muhiddin Omonov. – Bu oʻta jiddiy muammo avvalo kitobxonning zamon ruhi, oʻtish davriga xos insoniy munosabatlar, kishilar taqdirini ifodalovchi, qolaversa, milliy qahramon obrazi yaratilgan yuksak saviyali badiiy asarlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish bilan bogʻliq”.

Bu borada:

- noshirlar bilan ijodkorlar oʻrtasida hamkorlikning yetishmasligi;

- nashriyotlarning yozuvchi va shoirlar bilan shartnoma asosida buyurtma asarlar yaratilishiga turtki berilmayotgani qoralandi.

Hududiy nashriyotlar tomonidan yosh havaskor-ijodkorlarning mashqlarini ota-onalar homiyligida 100 nusxadan nashr etilayotgani tanqid qilindi.

“Bu tashvishli hol, – dedi Muhiddin Omonov. – Bu holat bolalarimizning tarbiyasi, oʻz ustida ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatadi”.

Noshirlik faoliyatida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va sohani takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflar bildirildi:

- yangi tahrirdagi “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishini tezlatish;

- nashriyotlarning Agentlik bilan tuzilgan litsenziya bitimiga rioya etishlarini qatʼiy nazorat qilib borish;

- nashriyot mutaxassislari, ayniqsa, muharrirlarining malakasini oshirish choralarini koʻrish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер