Moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga berish talabi bekor qilinadi

14:52 11 Noyabr 2022 Hujjatlar
1399 0

Foto: Illustrativ surat

“Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–419-son, 10.11.2022-y.) qabul qilindi

Qarorga muvofiq:

yuridik shaxslar tomonidan 2022-yil 1-yanvardan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda soliq summalari toʻgʻrisidagi arxiv hujjatlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyati bekor qilinadi;

yuridik shaxslar 2022-yil 1-yanvardan davlat soliq xizmati va statistika organlariga elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyatidan ozod etiladi;

2023-yil 1-yanvardan buxgalteriya hisobi subyektlari moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi;

2023-yildan aylanmadan olinadigan soliqni qatʼiy belgilangan soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydigan tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

2023-yil 1-yanvardan quyidagi statistik hisobot turlari bekor qilinadi:

Birja faoliyati toʻgʻrisida hisobot;

Mehnat sharoitlari ahvoli toʻgʻrisida hisobot;

Hisoblangan ish haqi miqdori boʻyicha xodimlar sonining taqsimlanishi toʻgʻrisida hisobot;

Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti xizmatlari toʻgʻrisida hisobot;

Tijorat banki faoliyati toʻgʻrisida hisobot;

Sugʻurta tashkiloti faoliyati toʻgʻrisida hisobot;

Kichik qurilish tashkilotlari va mikrofirmalarda mavjud qurilish mashina va mexanizmlari toʻgʻrisidagi hisobot;

Quvur yoʻli transporti faoliyati toʻgʻrisida hisobot;

Meva-sabzavot mahsulotlari xaridi toʻgʻrisida hisobot.

2023-yil 1-maydan yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv taʼminoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnomalarni, ularning isteʼmoli toʻgʻrisidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar toʻgʻrisidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.

2024-yil 1-yanvargacha “Arxiv” axborot tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilib tadbirkorlarning hujjatlarini elektron qabul qilish, saqlash hamda soʻrovga koʻra taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?