Mobiuz kiberhujumga uchragani aytilmoqda

13:35 17 Fevral 2026 Jamiyat
313 0

Internetda tarqalgan xabarga koʻra, Mobiuz kompaniyasi kiberhujumga uchragan. Xakerlar kompaniyaning korporativ tarmogʻi toʻliq buzilganini iddao qilmoqda. Unga koʻra, taxminan 280 ta kompyuterdan iborat ichki tizimga kirish imkoni qoʻlga kiritilgan.

Kiberhujum uyushtirgan xakerlarning iddao qilishicha, ularda aloqa operatorining SMS shlyuzlari, pochta serverlari, domen kontrolleri, billing xizmatlari, shuningdek MYID yuzni tanish tizimi va ichki maʼlumot omborlariga toʻliq kirish imkoni mavjud.

Bundan tashqari, mijozlarning roʻyxat maʼlumotlari, shaxsiy hujjatlari (rasmlari bilan), biznes mijozlar hamda moliyaviy maʼlumotlar olib chiqilgani aytilmoqda. Maʼlumotlar orasida Oracle va PostgreSQL/MySQL platformalaridagi 8 ta yirik baza borligi qayd etilgan.

Shuningdek, kompaniyaning taxminan 3 ming nafar xodimning shaxsiy maʼlumotlari ham qoʻlga kiritilgan boʻlishi mumkin.

Mobiuz kompaniyasi rasmiy saytida kecha, 16-fevral kuni haqiqatdan ham tarmoq infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga boʻlgan urinishlar aniqlangani haqida maʼlumot berilgan. Unda qayd etilishicha, joriy yilning fevral oyida xavfsizlik tizimlari monitoringi davomida kompaniyaning asosiy tizimlarga ulanmagan sinov serverlaridan biriga ruxsatsiz kirish aniqlangan. Biroq server qoʻshimcha izolyatsiya qilingan boʻlib, bu hodisani chegaralash imkonini bergan.

“Kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassislarning maxsus boʻlinmasi zamonaviy dasturiy taʼminotdan foydalangan holda IT infratuzilmasini kecha-yu kunduz kuzatib boradi va kibertahdidlardan himoya qilmoqda”, deyiladi aloqa operatori xabarida.

Taʼkidlanishicha, abonentlar haqidagi maʼlumotlar, ularning shaxsiy va moliyaviy maʼlumotlari saqlanadigan tizimlar toʻliq himoyalangan hududda joylashgan boʻlib, u yerga hech qanday kirish izlari topilmagan. Xizmatlar faoliyati buzilmagan va mijozlarning shaxsiy maʼlumotlari sizib chiqmagan.

“Hozirgi vaqtda kompaniya masʼul organlar bilan hamkorlikda hodisani batafsil tekshirishni davom ettirmoqda va axborot tizimlari himoyasini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirmoqda”, deya qoʻshimcha qilingan Mobiuz xabarida.

Bildirilishicha, 2025-yilning oʻzida kompaniya mutaxassislari tomonidan 10 mingdan ortiq turli darajadagi DDoS-hujumlar, shu jumladan 180 dan ortiq jiddiy hujumlar muvaffaqiyatli qaytarilgan. 68 mingdan ortiq fishing havolalari va firibgarlik saytlari bloklangan hamda tarmoq infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga boʻlgan 3 ta urinishning oldi toʻliq olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер