Minglab oilalarning turmush sharoiti yaxshilanmoqda

15:58 22 Noyabr 2024 Jamiyat
188 0

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi hamda qator vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi eng chekka, ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir hududlarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda joylarda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan faoliyatini davom ettirmoqda.

Hozirgi kunda Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Toshkent viloyatining Bekobod shahri, Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq hamda Yuqori Chirchiq tumanlaridagi 246 ta mahallada “xonadonbay” ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar hamda o‘rganishlar natijasi asosida o‘tgan bir oydan ziyod davr mobaynida mazkur tumanlardagi 348 ta sharoiti og‘ir bo‘lgan oilaga moddiy yordamlar ko‘rsatildi, 249 ta oilaning uy-joylari ta’mirlandi, yuzga yaqin oilalarga turli asbob-uskunalar xaridi uchun cubsidiya ajratildi. Shu bilan birga, 13 mingga yaqin ishsiz fuqarolarning bandligi, 400 ga yaqin fuqarolarga tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish uchun 5 mlrd. 738 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilishi ta’minlandi.

Misol uchun, Bo‘ka tumani Guliston ko‘chasida yashovchi Aktam Jo‘rayev ishsiz edi. Oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsadida o‘z tomorqasida issiqxona tashkil qilishi uchun ishchi guruh tomonidan moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Ayni paytda u oila a’zolari bilan to‘qsonbosti ekinlar ekmoqda.

Yuqori Chirchiq tumani Usmonobod mahallasida istiqomat qiluvchi Behzod Jamoliddinovga ro‘zg‘orini o‘nglab olishi uchun 30 sotix yer hamda xonadonida uch sotix issiqxona tashkil etish maqsadida 10 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratildi, issiqxona ustiga homiylik hisobdan polietilen qoplama ham olib berildi.

Tumanning Chumchuqjar mahallasida yashovchi Nargiza Umarqulovaning turmush o‘rtog‘i kutilmaganda vafot etishi ayolni uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan og‘ir sinovlar girdobida qoldirdi. Bevosita Respublika ishchi guruhining moddiy ko‘magi bilan u qiyinchiliklarni yengib, ro‘zg‘orini yaxshilab oldi. Unga tikuv mashinalari hamda kerakli matolar olib berildi. Shu tariqa ayol nafaqat o‘zini, balki ishsiz qo‘shni ayollarni ham band qilishni maqsad qilib xonadonida kichik tikuv sexi tashkil etishga kirishdi. Unga homiylar tomonidan qo‘shimcha bino qurib berilmoqda.

Xuddi shunday Bahor mahallasida yashovchi ko‘makka muhtoj oila vakillari Fotima va Ziyoda Jo‘rayevalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ziyodaga kredit, subsidiya va homiylik asosida 3 ta tikuv mashinasi olib berildi. Ro‘zg‘origa baraka kirayotgan ayol qo‘shni ayollarni ham ishli qildi. Ayni paytda Fotimaning xonadoni homiylar tomonidan ta’mirlab berilmoqda.

Bu hali hammasi emas. Bo‘ka tumandagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlashga mo‘ljallangan agroklaster ham bir necha yillardan beri hududda kambag‘allikni qisqartirish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shib kelayotir. Xususan, klasterda 80 dan ortiq doimiy, 150 dan ortiq mavsumiy ish o‘rni mavjud.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, har bir kambag‘al va ishsiz oilaga 1 gektardan yer ajratilgan bo‘lib, ularga ekin ekish va mahsulotini sotishda ma’lum fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar ko‘maklashmoqda. Shu jihatdan, agroklaster ham 35 dan ortiq xonadonga bepul ko‘chatlar yetkazib berdi va ular tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilib, moddiy jihatdan ko‘maklashib kelayotir.

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratib berilayotgan sharoitlar sabab bugun yangidan yangi ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanmoqda. Natijada o‘sha hudud ishsiz fuqarolari bandligi ta’minlanyapti. Xususan, Bo‘ka tumanining Bo‘ston mahallasida tashkil etilgan tikuv-trikotaj korxonasi mahalladagi 60 dan ortiq kambag‘al oila xotin-qizlarining bandligini ta’minladi.

Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumani Darxon mahallasida duradgorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan Ayman Amriyevga zamonaviy dastgohlar xarid qilish va ishini kengaytirishi uchun kredit olishiga ko‘maklashildi. E’tiborlisi, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lishi ortidan endi u daromad solig‘idan ham ozod qilindi. Bunday imkoniyatlardan ruhlangan hunarmand qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etishni maqsad qilgan.

Respublika ishchi guruhining joylardagi faoliyati davom etmoqda.

«Xalq so‘zi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер