Milliy tafakkur tanazzuli...
Germaniyalik siyosiy sharhlovchi, “Berliner Zeitung” nashri Geosiyosat boʻlimi rahbari Tomas Fasbenderning siyosatshunos Qudratilla Rafiqov bilan “Oʻzbekistondan “Yangi Oʻzbekiston”gacha: yoʻqotilgan qalbni izlab…” nomli suhbatini oʻqib, koʻnglimdan oʻtgan oʻylar
Millat oʻzi uchun eng muhim boʻlgan milliy tafakkurini, yaʼni oʻylash, fikrlash imkoniyatini asrab qolishi juda zarur ekaniga yuqoridagi suhbatni oʻqib, yana bir bor iymon keltirdim.
Turkiy xalqlar va dunyo adabiyotining yirik namoyandasi Chingiz Aytmatov tafakkurdan ayrilish hodisasini “manqurtlik” degan bir soʻz bilan ifodalaydi. Manqurtga aylanish yoki manqurtga aylantirilish hodisasi tarixda ham, bugun ham koʻp uchraydi. Millatning milliy tafakkurga boʻlgan ehtiyojini ifodalashda siyosatshunos Qudratilla Rafiqov mutlaqo yangi iborani ishlatadi — “yoʻqotilgan qalbni izlab...”.
Qalbi yoʻqolgan, yoʻqotilgan millat, balki moddiy tomondan farovon yashar. Lekin u ozod fikrlashdan mahrum boʻladi. U erkinlik tuygʻusini his etmaydi, his etolmaydi. U qaramlikni, qullikni kurashsiz, norizo boʻlmasdan, tabiiy qabul qiladi. U boʻysunib, mute boʻlib yashaydi. Bunday odam uchun muqaddas tushunchaning oʻzi yoʻq. Mana qalbni yoʻqotib qoʻyish qanday ayanchli ahvolga olib keladi. Qalb yoʻqotilishi millat tanazzulini bildiradi. Millatimiz qalbini sugʻurib olganlar oʻz vaqtida mana shu yovuz maqsadni koʻzlagan edi.
Mustamlakachilik zulmiga koʻnikkan millat, hatto mustaqillikning ham mazmun-mohiyatiga yetib borolmaydi. Uning tafakkurida qoʻrquv, hadik hukmronlik qiladi. U erkinlik havosidan nafas ololmaydi. Uning oʻpkasi rutubatga, chirkinlikka toʻlgan. Qaysidir maʼnoda biz mustaqillikning yigirma besh yilini mana shunday vaziyatda oʻtkazdik.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev millatga milliy tafakkurini qaytardi. Millatga fikrlash, oʻylash, erkin soʻz aytish tuygʻularini qaytarib berdi. 25 yil davom etgan qalbni izlash azobiga barham berildi. Milliy tafakkuri qaytarib berilgan millat oʻzining tarixiy ildizlarini anglab yetdi.
Uzoqqa borish kerak emas. Milliy tafakkurimiz tanazzuli oqibatida, hatto Markaziy Osiyoda ham yakkalanib, yolgʻizlanib qolgan edik. Buning natijasida bir necha bor urushgacha yetib boradigan tahlikali vaziyatlar yuz berdi. Qoni bir, joni bir, tili bir, dini bir xalqlar yovlashdi. Milliy tafakkur tanazzuli tufayli biz dunyodan yuz oʻgirdik. Oʻzbekiston, hatto Turkiy tilli davlatlar tashkilotiga ham aʼzo emasdi. Bu tanazzul keltirgan salbiy oqibatlarni eslaging ham kelmaydi — u sabab qanchadan-qancha insonlar faryod chekdi, zor qaqshadi.
Faqat 2016-yilga kelib, Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil toʻlgandan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, xalqparvar va millatparvar siyosati tufayligina Oʻzbekiston oʻzgardi. Oʻzbekiston yangilandi. Oʻzbekiston dunyoga ochildi. Hech kim kutmagan, tasavvur ham qila olmagan Yangi Oʻzbekiston yaratildi.
Yangi Oʻzbekiston... Shu oʻrinda nimaga Yangi Oʻzbekiston degan savol tugʻiladi. Mening nazarimda, bu nom millatni milliy tafakkursiz yashagan davrlaridan uzoqlashtiradi. Manqurtlik illatiga nisbatan isyonni anglatadi.
Bugun Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekistonida qalbini qidirayotganlar emas, balki tafakkuri uygʻoq millat yashaydi.
Bir kun kelib moddiy muammolar yechilishini hayotning oʻzi koʻrsatdi. Lekin maʼnaviy tanazzulni bartaraf etish uchun yillar, hatto asrlar ham yetmaydi. Millatni milliy tafakkur tanazzulidan olib chiqqanlarni milliy qahramon deb atash kerak.
AQSHning birinchi Prezidenti Jorj Vashingtonning oʻz vaqtida, Amerika xalqi tomonidan “Millatning ishonchli otasi” deb atalgani bejiz emas, albatta.
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqov bilan suhbatda ilgari hech qachon ishlatilmagan quyidagi iboralarga ham eʼtiboringizni qaratmoqchiman: “Markaziy Osiyo darajasida yakdil fikrlash”, “oʻyinchi katta kuch markazlari manfaati”, “ijtimoiy-siyosiy tushkunlik, ishonchsizlik davri”, “milliy tafakkur”, “davlatning kolonializm mafkurasiga moyilligi”, “yopiq va dunyodan uzilgan davlat”, “milliy davlat va millat qurish jarayonlari”, “urushlar, bosqinlar tarixning bir boʻlagi ekan, demak, hukmronlar va mazlumlar doim boʻladi”...
Millatni milliy tafakkur tanazzulidan olib chiqish haqidagi nihoyatda chuqur tahliliy suhbatni oʻqib, juda taʼsirlandim. Bugun bizga yuzaki gaplar, balandparvoz maqtovlar emas, aynan mana shunday tahlillar zarur.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring