Milliy qonunchilik normalari Jahon savdo tashkilotining bitimlariga uygʻunlashtirilmoqda

12:56 19 Yanvar 2024 Siyosat
405 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Mamlakatimizda xalqaro savdo qoidalarini boshqarib turuvchi nufuzli xalqaro tashkilot — Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini tezlashtirish hamda uni sifatli amalga oshirish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Senatining qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qonunda intellektual mulk, reklama va davlat boji bilan bogʻliq boʻlgan milliy qonunchilikning qator normalarini Jahon savdo tashkilotining talablariga uygʻunlashtirish maqsadida “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.

Xususan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirish yillar davomida sanoat ishlab chiqarishga joriy qilinmagan ixtirolarni yoki foydali modellarni amaliyotga joriy qilinishini taʼminlashga, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga va bozorni toʻldirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun Jahon savdo tashkilotining Xizmatlar savdosi boʻyicha bosh bitimida nazarda tutilgan meʼyorlar bilan oʻzaro muvofiqlashtirilib, erkin raqobat muhitining yaratilishi koʻzda tutilgan.

Qonunga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga asosan chet elda ishlab chiqarilgan pivoni, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarni reklama qilish yuzasidan cheklov bekor qilinib, bu bilan bozorda raqobat muhitini yuzaga kelishiga zamin yaratilmoqda.

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga ham Jahon savdo tashkiloti bitimlaridan kelib chiqib, qoʻshimcha meʼyorlar kiritilayotgan boʻlib, unga koʻra farmatsevtika sohasiga klinik tadqiqotlardan oldingi va klinik tadqiqotlar natijalari boʻyicha olingan maʼlumotlarni samarali himoya qilish mexanizmini joriy qilish orqali original dori vositalar ishlab chiqaruvchilarning huquqi himoya qilinmoqda.

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga xorijiy investitsiyali hamda mahalliy korxonalarga bir xilda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga qaratilgan oʻzgatirishlar kiritilmoqda. Yaʼni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 1 barobarigacha tushirilmoqda.

Qonunda ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish uchun patent berishga, rasmiy ekspertiza oʻtkazishga va maʼlumotlarni eʼlon qilishga talabnoma berish uchun davlat bojlari miqdorlari Intellektual mulkning savdo jihatlari boʻyicha JST bitimi talablariga uygʻunlashtirilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlari talablariga muvofiqlashtirish orqali Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonining jadallashishiga hamda intellektual mulk obyektlarining himoya qilinishini taʼminlashga, Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy investorlarga bir xil shart-sharoitlar hamda teng raqobat muhiti yaratilishiga xizmat qiladi.

Muhokamadan soʻng senatorlar ushbu Qonunning dolzarbligi va zarurligini eʼtiborga olib, uni maʼqulladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер