Milliy kontent: oʻzbekning oʻz soʻzi

Insoniyat evolyutsiyasida madaniy bilimlarni uzatishning rivojlanish bosqichlarini arxeologik maʼlumotlar asosida oʻrganib chiqqan Italiyaning Pontifik Muqaddas xoch universiteti va Fransiyaning Bordo universiteti tadqiqotchilari yaqinda bir qiziqarli xulosaga kelishdi. Ularning taʼkidlashicha, odamlar oʻzlaridagi bilimlarni boshqalarga oʻrgatishni taxminan 2 million yil oldin boshlashgan ekan. Bunda ustozlar shogirdlarining yangi koʻnikmalarni egallashi oson boʻlishi uchun oʻz harakatlarini ataylab sekinlashtirgan.
Bu ilmiy xulosaning ahamiyati shundaki, aynan bilimlarning avloddan-avlodga oʻtib, mukammallashib borishi insoniyat taraqqiyotini taʼminlagan asosiy omildir. Shu nuqtayi nazardan, bugungi axborot davrida biz qaysi manbalardan qanaqa maʼlumotlarni olishimiz nafaqat dunyoqarashimizning shakllanishiga, balki kelajagimizning qanday boʻlishiga ham bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Bundan bor-yoʻQi 10 — 20-yil muqaddam biz uchun asosiy tezkor axborot manbalari televideniye, radio va gazeta-jurnallar edi. Bugunga kelib esa internet eng yuqori mavqeni egallamoqda. Hatto anʼanaviy ommaviy axborot vositalari ham raqamli formatlarga oʻtyapti. Dunyoqarashimiz, tarixga va siyosatga, atrofimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarga munosabatimiz asosan internetdan olayotgan maʼlumotlar asosida shakllanyapti.
Shunday bir vaziyatda turli siyosiy qarashlar oʻrtasida keskin raqobat yuzaga kelmoqda. Tomonlarning har biri bu raqobatda ustun kelish uchun yana oʻsha internetdan foydalanishyapti — oʻz qarashlarini asoslovchi audio, video va matn koʻrinishidagi kontentlarini tobora koʻpaytirmoqda.
Xoʻsh, biz-chi? Biz oʻz milliy manfaatlarimizni ifodalaydigan maʼlumot va axborotlarni internet orqali yetarli darajada tarqata olyapmizmi? Dunyo hamjamiyatiga oʻz soʻzimizni ayta olyapmizmi?
Bu savolga javob berish uchun baʼzi bir faktlarga toʻxtalib oʻtishga toʻgʻri keladi. “Roketperevod” sayti bergan maʼlumotga koʻra bugungi kunda internetda tarqatilayotgan kontentning 27 foizi ingliz, 20 foizi xitoy (mandarin dialekti), 8 foizi ispan, 5 foizi arab tilida. Bu — eng katta koʻrsatkichga ega boʻlgan tillar. Mana shu maʼlumotlarni eʼlon qilgan sayt rus tilida boʻlib, bu tilning internetdagi ulushi 3 foizni tashkil etadi. Maʼlumotlarni nega boshqa tilda yuritiladigan saytdan olganimga kelsak, ochigʻini aytish kerak — ularni oʻzbek tilida topish amrimahol. Butunjahon internet tarmogʻida ona tilimizda yaratilgan kontent shu qadar kamki, yuqorida keltirilgan roʻyxatda bizning tilimiz “boshqa tillar” sirasiga kiritib yuborilgan.
Shu jihatdan, 2024-yil 12-yanvarda boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Prezidentimiz zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratib, bu tahdidlarga munosib kurashish uchun axborot makonida milliy kontent yaratish zarurligini kuyunchaklik bilan gapirgani bejiz emas. “Agar biz Oʻzbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni oʻz qoʻlimizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan boʻlamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy maʼlumotlar, real voqealarga boʻlgan ehtiyojni biz toʻldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”, degan edi davlatimiz rahbari.
Qisqa va aniq qilib aytilgan bu soʻzlarning zamirida aslida olam-olam maʼno bor. Bugungi globallashayotgan dunyoda nafaqat geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli toʻqnashuvlar, balki axborot xurujlari ham tobora avj olmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, axborot boshqalarga taʼsir koʻrsatishning qudratli vositasiga aylanmoqda. Aniq maqsadlarga yoʻnaltirilgan axborotlarni tarqatish orqali butun bir xalqlarning axloqiy qarashlarini, milliy anʼanalari va qadriyatlarini oʻzgartirib yuborish mumkin. Bunday xurujlardan esa faqat millatning oʻz manfaatlariga xizmat qiladigan kontent yaratish yoʻli bilan himoyalanish mumkin.
Mamlakatimizda bu yoʻnalishda saʼy-harakatlar boshlanganiga ancha boʻldi. Masalan, 2019-yildayoq Vazirlar Mahkamasining “Internet jahon axborot tarmogʻida milliy kontentni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan mazkur qaror bilan Internet jahon axborot tarmogʻida intellektual va ijodiy salohiyatni rivojlantirishga koʻmaklashadigan zamonaviy veb-resurslarni shakllantirish, shuningdek, axborot makonida Oʻzbekistonning tarixi, fani, madaniyati va sanʼatini targʻib qilishni qoʻllab-quvvatlash, milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni shakllantirish va boshqa bir qator maqsadlarni nazarda tutuvchi kompleks dastur qabul qilingan.
Dastur keng qamrovli boʻlib, unda, jumladan, milliy veb-resurslar sonini koʻpaytirish va ularni internetda targʻib qilish, messenjerlarda hududiy jurnal va gazetalarning axborot kanallarini tashkil etish, ilmiy va taʼlim sohalarida plagiatga qarshi kurashish boʻyicha referatlar, maqolalar va dissertatsiyalar bankini shakllantirish, “Vikipediya” internet ensiklopediyasida Oʻzbekistonning mashhur sportchilari va sport tashkilotlari haqida sahifalar ochish, “Sport — bolalar nigohida” portalini yaratish kabi vazifalar qoʻyilgan.
2025-yilning 15-may kuni esa “Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unda bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar, jumladan, audiovizual va sanʼat asarlari, noshirlik va raqamli mahsulotlarni rivojlantirish va ommalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.
Bular qatorida bolalarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularda sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasi, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona Vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish hamda ularni taʼlim va tarbiya dasturlari bilan integratsiyalash, chet el kontentlarining bolalarning ongi va qalbiga taʼsirini muntazam tahlil qilib borish, zararli trendlar, xatarli chellenjlarni aniqlash va ularga qarshi kontentlar ishlab chiqish, bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish va ularni realizatsiya qilishni izchil qoʻllab-quvvatlash, ushbu yoʻnalishda yuqori bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlash kabi vazifalarni qamrab olgan. Hujjatda, shuningdek, bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratuvchilarga bir qator soliq imtiyozlari ham berilgan.
Shu oʻrinda, mamlakatimizda internet nashrlari jurnalistlari hamda ijtimoiy tarmoq faollari (blogerlar) oʻrtasida “Eng yaxshi milliy kontent” tanlovi oʻtkazilayotganini ham aytib oʻtish joiz.
Albatta, bir maqola doirasida bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni sanab oʻtish imkonsiz. Bu muhim ham emas. Muhimi — mana shu ishlar qay darajada samara berayotganida.
Bugungi kunda internetda oʻzbek segmenti tobora kengayayotganini tan olgan holda, bu borada hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham koʻpligini koʻrib turibmiz. Masalan, koʻp hollarda oʻzimizga kerak boʻlgan maʼlumotni internetdan izlaganimizda, qidiruvga savolni ingliz yoki rus tilida kiritishga majburmiz. Chunki oʻzbek tilida bizni qoniqtiradigan javob juda kam yoki umuman yoʻq boʻladi. Dunyoda boʻlayotgan voqealarni bilish uchun ham koʻp hollarda xorijiy kanallarga murojaat qilishimizga toʻgʻri keladi. Boisi — mahalliy ommaviy axborot vositalari oʻsha xorijiy kanallarning axborotlarini oʻzbek tiliga tarjima qilib berishdan nariga oʻtmayapti. Bir-ikkita holatni hisobga olmaganda, hech biri xorijiy davlatlarda oʻz muxbirlariga ega emas. Natijada biz bunday axborotlarni yo “Euronews”, yo “Rossiya 24” prizmasi orqali qabul qilamiz. Vaholanki, xalqimizni turli axborot xurujlaridan himoya qilish uchun biz dunyoda kechayotgan jarayonlarga oʻz manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda baho berishimiz kerak.
Oʻzbekiston — boy tarixga, betakror madaniyatga, zamonaviy bilimlarga ega mamlakat. Bugun dunyoda yurtimizga boʻlgan qiziqish tobora ortmoqda. Biz yaratayotgan kontent ham shunga yarasha sifatli va keng qamrovli boʻlishi kerak. Toki, internet kengliklarida Oʻzbekistonning ovozi baralla yangrasin!
Jamoliddin TOʻXTASHEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring