Milliy filmlar namoyishi Namanganda

14:44 28 Oktyabr 2022 Madaniyat
1641 0

Namangan viloyatida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Kinematografiya agentligi va kinoijodkorlardan tashkil topgan “Kinokarvon” jamoasi ishtirokidagi tadbirlar davom etmoqda.

Viloyatning Toʻraqoʻrgʻon tumanida “Baron 2. Sogʻinch” filmining namoyishi boʻlib oʻtdi. Film taqdimotidan avval kinoijodkorlar va Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimi Ahror Mansurov ishtirokida davra suhbat tashkil etildi.

Maʼlumot uchun, “Baron 2. Sogʻinch” – yilning eng kutilgan filmi boʻlib, kinokartinani suratga olish ishlari Oʻzbekiston, Rossiya va Turkiyada olib borilgan. Film Oʻzbekiston kino amaliyotida birinchi marta lenta raqamli va uy kinoteatrlari uchun yuqori aniqlikdagi tasvirlarni taqdim etuvchi oʻta yuqori 4K rezolyutsiyada suratga olingan.

Film nafaqat oʻzbekistonliklar, balki chet elliklarning ham hurmatiga sazovor boʻlgan aktyor Farhod Mahmudov ijrosida mohirona gavdalantirilgan oʻzbek razvedkachisi misolida, maxsus xizmatlar vakillari missiyasining murakkabligi haqida hikoya qiladi.

Bugun ham Namangan viloyatida filmlar namoyishi davom etadi. Jumladan, Chortoq tumanida “Baron 2. Sogʻinch” filmi, Uchqoʻrgʻon va Kosonsoy tumanlarida esa “Ayol qismati” badiiy filmining namoyishi boʻlib oʻtadi.

Suriyadan qaytgan ayollar taqdiri haqida hikoya qiluvchi “Ayol qismati” filmi ham namanganliklar uchun Kinematografiya agentligi tomonidan oʻziga xos tuhfa boʻladi.

Bir ayolning qismati, juda koʻpchilikning taqdirini birlashtiradi. Film qahramoni turmush mashaqqatlari sabab oʻz yurtini tark etadi. U yaqinlariga ergashish ortidan Rossiya, Pokiston, Eron, Turkiya, Suriya va Iroq zamini uzra uzoq kezadi. Unga hamisha baxt qiyinchiliklar evaziga keladi, deb uqtirishardi. Musofir boʻlmaguncha musulmon boʻlmaysan, deb yarim dunyoni aylanib chiqadi. Lekin iqbol oʻrniga zavol topadi. Koʻz oʻngida katta oʻgʻli Salohiddinning oʻlimi, kichkina oʻgʻli Qahramonning portlagan binolar ostida qolishi Sojidaning nigohlari soʻnishiga olib keladi. U kelajak haqidagi yaxshi hayollardan butkul umidini uzadi. Lekin Sojidaning yana hayotga qaytishi juda katta voqeaga aylanadi.

“Bilasizmi, “Ayol qismati” filmi inson qalbi, insoniy qadriyatlar, oʻzlikni anglash haqida. Shuningdek, film orqali insonning “inson” boʻlish uchun nimalar qilishi kerak, degan savolga javob topamiz. “Mehr” loyihasi orqali birinchi operatsiyadayoq 156 ta ayollar va bolalar olib kelingan. Ulardan 41 tasi ayollar, qolgani bolalar. Filmda oʻsha 41 ayolning ayanchli qismatidan hikoya qilinadi. Biz ayollar bilan suhbatlashdik, ular nega oʻz vatanidan ketgani, Suriyaga borishining sabablari, “Al-Hol” lageriga qanday tushib qolgani haqida soʻradik. Ssenariy ham mana shu suhbatlar asosida yozilgan. Film real voqealarga asoslangan. Badiiy sayqal berilgan boʻlsada, undagi personajlar hammasi oramizdagi kishilar. Filmdagi xorij mamlakatlarida roʻy beradigan voqealar ham Oʻzbekistonda suratga olingani sababli dekoratsiyalardan keng foydalanganmiz. Oʻylaymanki, Namanganda tashkil etilgan “Kinokarvon” tadbirlari doirasida namoyish etiladigan ushbu filmimiz tomoshabinlarga manzur keladi va qaysidir maʼnoda kimlargadir saboq ham boʻla oladi”, – deydi film ssenariy muallifi va rejissyori Dilmurod Masaidov.

“Kinokarvon” tadbirlari Namanganda 29-oktyabrga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?