Ozarbayjonda “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi taqdimoti

21:29 18 Dekabr 2024 Siyosat
317 0

Boku shahridagi Ozarbayjon Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi, taniqli siyosatshunos, senator Qudratilla Rafiqovning “Mening Prezidentim” va “Millatparvar” kitoblari asosida ozarbayjonlik ijodkor-tarjimonlar — yozuvchi va shoir Akif Bagʻirov hamda adabiyotshunos olim Yashar Qosim tomonidan tayyorlangan “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov xabar qildi.

Tadbirda Ozarbayjon parlamenti vakillari, siyosatchi va tahlilchilar, shoir va yozuvchilar, Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Taqdimot avvalida qator ozarbayjonlik taniqli siyosatchi va ziyolilar bilan suhbatlashish imkoniga ega boʻldik. Ular ushbu kitob taqdimotining Bokuda oʻtkazilayotgani xalqlarimizning bir-biriga yaqinligi, oʻzaro doʻstlik rishtalari mustahkamlanib borayotganidan dalolat ekanini alohida taʼkidladi.

— “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi juda katta masʼuliyat bilan tarjima qilindi, bu jarayonda har bir soʻz boʻyicha maslahatlashdik, fikr almashdik, — deydi tarjimon Yashar Qosim. — Bizga Qudratilla Rafiqov kitoblarining tili va uslubi yoqdi. Tarjima jarayonida ana shu jihatlarni saqlash, ozarbayjon tilida chiroyli jaranglaydigan soʻzlarni topish va qoʻllashga harakat qildik. Mazkur kitobni oʻqib, yangi Oʻzbekistonni yanada yaqinroq bilish, uning bunyodkori — Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vatan va millat istiqboli, shoni uchun amalga oshirayotgan ishlari haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlish mumkin.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar ushbu kitob Oʻzbekiston rahbari shaxsi va siyosiy faoliyatiga bagʻishlangani, unga kiritilgan publitsistik esselarda davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarish va yangilanishlar, jumladan, iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ijtimoiy sohani yaxshilash hamda Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda erishilayotgan yutuqlar yoritilganini alohida taʼkidladi. Ushbu kitob yangi Oʻzbekiston bunyodkori islohotlariga beeʼtibor boʻlmagan har bir insonda katta qiziqish uygʻotishi qayd etildi.

Taqdimot yakunida “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi tarjimonlari Akif Bagʻirov hamda Yashar Qosimga Oʻzbekiston tomoni vakillarining sovgʻalari tuhfa etildi. Ularga ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorlik bildirildi.

Ishtirokchilar Ozarbayjon Milliy kutubxonasida tashkil etilgan Oʻzbekiston burchagidagi mavjud adabiyotlar bilan yaqindan tanishdi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер