Meʼyorni unutganni nonning uvoli tutadi

17:03 19 Aprel 2024 Jamiyat
953 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yurtimiz bozorlarining qay biriga tushmang non rastalaridagi toʻkinchilikni koʻrib koʻngilda shukronalik hissini tuyasiz. Obinon, amiri, shirmoy, patir, lochira, jizzali, piyozli, sedanali non... Sanab adogʻiga yetolmaysiz. Ota-bobolarimiz bunday farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan oʻtib ketishgani ham bor gap.

“Xalq soʻzi” gazetasining rasmiy sayti hamda 19-aprel sonida eʼlon qilingan “Bir burda non qadri” sarlavhali maqolani oʻqib, beixtiyor shu fikr xayolimdan kechdi. Afsuski, nonni huda-behuda isrof etish, bu bebaho neʼmatga bepisand munosabatda boʻlish hollari poytaxtdan olis hududlarda ham uchrab turibdi.

Yaqinda ikki yoshning nikoh toʻyida ishtirok etdim. Dasturxon juda toʻkin. Meva-cheva deysizmi, somsa, patiru pishiriqlar deysizmi, hamma-hammasi muhayyo etilgan. Qazi-qartalar, qaynatilgan, qovurilgan goʻshtlar, xilma-xil salatlarni-ku aytmay qoʻya qolay. Toʻy sohibi mulozamatni kanda qilmaydi. Har qancha hojati yoʻq, desak ham, nonni ushatib ketadi. Azbaroyi yegulik koʻpligidan non boʻlaklariga qoʻl ham tegmadi. Qoʻshni stollarga razm solsam ularda ham xuddi shu ahvol. “Essiz, qanchadan-qancha noz-neʼmat qolib ketdi-ya”, deb qoldi hamrohlarimdan biri. U “Bu nonlarni nima qilishadi endi?” degandi ikkinchi bir sherigimizdan “Nima qilishardi, butunlarini doʻkonga topshirishadi, boʻlaklari molga yem boʻladi-da” degan javobni eshitdi.

Bu holatni koʻrib, yil boʻyi mashaqqat chekkan gʻallakorning, tunni tongga ulab non yopgan novvoy mehnatiga achinib ketasan kishi.

— Qimmatli vaqtni behuda ketkazish ham isrofgarchilikdir, — deydi Buxoro shahridagi mahallalardan biri otinoyisi Shoira Joʻrayeva. — Ayrimlar joʻmrakni kerak-nokerak ochib, suvni isrof etadi. Kuppa-kunduzi chiroq yoniq tursa parvosiga kelmaydi. Tiriklik manbai nonni isrof qilish, uning qadriga yetmaslik esa oʻta ayanchli holatdir. Toʻy taraddudini koʻrgan odam nonni rasamadi bilan ishlatish, uning ushogʻini ham nobud qilmaslik haqida oʻylashi kerak, axir.

Dinimizda ham har ishda meʼyorni unutib, haddan oshish, isrofgarchilik kabi illatlar qattiq qoralangan.Chunki meʼyorni unutgan uvolga qoladi. Jumladan, Aʼrof surasi 31-oyatida shunday deyilgan: “...shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”.

Allohning suyukli bandasi boʻlishni istasak isrofgarchilikdan tiyilaylik. Maqolada taʼkidlangani kabi qadriyatlarimizga amal qilib, yoshlarga ibrat koʻrsataylik. Shundagina farzandlarimiz ne-ne mashaqqat bilan yetishtiriladigan noz-neʼmatlarning, bir burda nonning qadrini chuqur anglab yetadilar.

Zuhra QURBONOVA, jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?