Meva-chevadan tortib, asal, tuxum, goʻsht, qatiq-sutgacha tomorqadan chiqadi — Abdusalom Bobomurodov

15:27 25 Oktyabr 2023 Jamiyat
217 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yurtimizda “oltin kuz” tarovati hukm surmoqda. Tabiat ancha sokin tortib qolgan, daraxtlar sargʻaygan “toʻni”ni yechib, dehqonu bogʻbonlarimiz hosilni saranjomlab olayotgan palla. Biroq har daqiqadan unumli foydalanishga harakat qilgan haqiqiy dehqon uchun dalada ish aslo tugamaydi.

Mirishkor tumanining Mirishkor mahallasida yashovchi tajribali bogʻbon Abdusalom Bobomurodovni oʻziga tegishli dehqon xoʻjaligi dalasida, ish ustida uchratdik. U farzandlariga bosh boʻlib, toʻqsonbosti usulida ekilgan sarimsoqpiyozlarini begona oʻtlardan tozalayotgan ekan.

— Tomorqa biz uchun rizq-nasiba manbai, — deydi u. – Bir muddat jamoa xoʻjaligida oddiy ishchi boʻlib ishlaganimni aytmasa, esimni tanibmanki, rizqimni tomorqadan teraman. Mehnatimning ortidan besh farzandni ulgʻaytirib, elga qoʻshdim. Qancha toʻylar qildim, uy-joylar qurdim, mashina oldim. Hammasi tomorqaning ortidan.

Abdusalom boboning aytishicha, bundan 30 yil avval bu joylar qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan, yulgʻun oʻsib yotgan yerlar boʻlgan. 1994-yilda bir nechta oila shu hududga koʻchib kelib, uy-joy qurgan, quduq qazib, suv chiqargan. Atrofdagi tashlandiq yerlarni oʻzlashtirib, dehqonchilik ishlarini yoʻlga qoʻygan.

Abdusalom Bobomurodov ham oʻsha paytda 32 sotix maydonni tekislab, dehqonchilik qilishni boshlagan. Keyinchalik bu yerni dehqon xoʻjaligiga aylantirgan.

— Shuningdek, hovlimda 16 sotix tomorqam ham bor, — deydi Abdusalom bobo. – Tomorqaga avvalo roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan barcha oziq-ovqat mahsulotlari — kartoshka, sabzi, piyoz, pomidor, kodi, karam, hammasidan ekamiz. 10-15 ta qoramol qilamiz, tovuq, koʻrka boqamiz. Yigirma uya asalarim bor. Xullas, barcha meva-chevadan tortib, asal, tuxum, goʻsht, qatiq-sut, bari oʻzimizdan chiqadi. Yogʻ bilan guruchni aytmasa, bozordan deyarli boshqa mahsulot sotib olmaymiz. Dehqon xoʻjaligi maydonida esa mevali bogʻ qilganman. Qator oralarida sarimsoqpiyoz va makkajoʻxori yetishtirishni yoʻlga qoʻyganman. Bu ishdan har yili yaxshi daromad olyapman.

Usta dehqonning sentyabr oyi oʻrtalarida ekkan sarimsoqpiyozlari hozir baravj rivojlanmoqda. Kelgusi yilning iyun oyi boshlarida hosil yigʻib olinib, oʻrniga darhol makkajoʻxori ekilar ekan. Avgustning oxirida esa makkajoʻxorini yigʻib olib, yerni sarimsoqpiyoz uchun tayyorlaydi.

— Bunday almashlab ekish tuproqning unumdorligini saqlashda qoʻl keladi, — deydi Abdusalom bobo. – Qolaversa, yer boʻsh turmaydi. Makkajoʻxorining ham donini bozorga chiqaramiz, poyasini chorva uchun gʻamlaymiz. Sarimsoqpiyozni esa eksportchi korxonalar vakillari kelib, sotib olishadi. Chunki, qoʻshnilarimiz ham sarimsoqpiyoz yetishtiradi. Birgina shu koʻchamizning oʻzidan har mavsum 90 tonnadan ortiq sarimsoqpiyoz chiqadi.

Abdusalom Bobomurodovning dehqonchilikdagi ishlarini kuzatib, shunga amin boʻlasizki, xalqimiz tomorqani bekorga xazinaga qiyoslamaydi. Uning dasturxonimiz fayzu barakasi, aholi turmush farovonligi, yurt obodligini taʼminlashdagi oʻrni beqiyos. Hamma gap yerdan oqilona foydalanishda.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер