Metrologiya sohasida xususiy sektor faoliyati kengaytirilmoqda

10:42 30 Sentyabr 2023 Siyosat
2149 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Metrologiya xizmatlarini koʻrsatish sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish hamda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda uning ushbu sohada faol ishtirok etishi uchun koʻproq imkoniyatlar berish zarurati mavjud.

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun aynan shu masalaga qaratilgan.

Qonun bilan oʻlchash vositalarini qiyoslash xizmatlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan koʻrsatilishini, oʻlchash natijalari davlat ahamiyatiga ega boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishini, shuningdek metrologiya tekshiruvi hamda davlat metrologiya nazorati funksiyalarining ajratilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, akkreditatsiya qilingan holda oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish, qiyoslash va kalibrlash ishlarini bajarish maxsus vakolatli davlat organi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlinmalarining vakolatlari doirasidan chiqarilmoqda.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari hamda yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari vakolatlari ajratilmoqda.

Oʻlchash natijalari davlat ahamiyatiga ega boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxati maxsus vakolatli davlat organining Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va ushbu oʻlchash vositalari qoʻllaniladigan sohadagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan takliflari asosida Hukumat tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga oʻlchash natijalari davlat ahamiyatiga ega boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxatiga kiritilmagan oʻlchash vositalarini qiyoslash yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish metrologiya xizmatini koʻrsatish bozorida raqobat muhitini yaratishga xizmat qilishi, shuningdek, davlat metrologiya xizmati ulushi kamaytirilishi hisobiga milliy metrologiya institutining faoliyat shakli xalqaro talablarga muvofiq bosqichma-bosqich ilmiy-amaliy ishlarni rivojlantirishga va metrologiya sohasiga innovatsiyalarni keng joriy etishga imkon berishi qayd etildi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер