Metan “zapravka”lar faoliyatiga cheklov kiritiladi
Energetika vazirligi ob-havo keskin sovigan kunlarda aholini uzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan zarur choralar haqida maʼlumot berdi.
Vazirlikka koʻra, soʻnggi kunlarda respublika hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi natijasida energiya resurslariga boʻlgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Bugungi kunda aholining tabiiy gaz kunlik isteʼmoli oʻtgan haftadagiga nisbatan 20 foiz, elektr energiyasi isteʼmoli esa 15 foiz ortgan.
Taʼkidlanishicha, bunday vaziyatda tizim korxonalari tomonidan elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi ishlarni tezkor hamda sifatli tashkil qilish, isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida tizimda doimiy ravishda zarur choralar koʻrib borilmoqda.
Xususan, sovuq kunlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu kun faoliyat yuritadigan 1 600 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etildi hamda ular kerakli avtotransport vositalari va zaxira qurilmalari bilan toʻliq taʼminlandi.
Maʼlumot uchun, elektr taʼminoti korxonalariga 877 ta avtotransport hamda 450 ta maxsus texnika, gaz taʼminotiga – 220 ta avtotransport va 259 ta maxsus texnika biriktirilib, 567 ta payvandlash apparati bilan taʼminlangan.
Aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish boʻyicha soha obyektlarida 24 soatlik ish rejimiga oʻtilgan boʻlib, joylarda ishlarning borishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilgan. Sodir boʻlgan avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralari koʻrilib, avariyani bartaraf etishning oʻrtacha vaqti oʻtgan yildagi 3-3,5 soatdan joriy yilda 1-1,5 soatgacha qisqartirildi.
Shuningdek, oldingi yillarda generatsiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan boʻlsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi.
Havo haroratining keskin pasayishi natijasida isteʼmolchilarning tabiiy gazga boʻlgan talabi keskin oshib, respublika gaz transport tizimi obyektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yerosti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.
Birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini (tibbiyot, maktab, maktabgacha taʼlim, oliy taʼlim muassasalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan taʼminlash ustuvor vazifamiz ekanligini inobatga olib, hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq, isteʼmol yuqori boʻlgan ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Qoʻshimcha qilinishicha, fuqarolarga yonilgʻi quyish, gaz toʻldirish hamda elektr quvvatlash shoxobchalari haqida onlayn maʼlumot berib borish maqsadida ishlab chiqilgan «Avto24» ilovasi yordamida shoxobchalar faoliyati bilan bogʻliq barcha maʼlumotlarni onlayn rejimda kuzatishlari mumkin.
Qolaversa, elektr taʼminoti boʻyicha tugʻilgan savollar boʻyicha 1154 qisqa raqami yoki Telegramʻdagi @HET_admin administratorʻga hamda gaz taʼminoti boʻyicha esa 1104 va 104 qisqa telefon raqamlari yoki Telegramʻdagi @hududgaz_murojaat_botʻga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, vazirlik fuqarolardan uzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlash maqsadida koʻrilayotgan birinchi navbatdagi choralarni toʻgʻri tushungan holda quyidagi tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini soʻragan:
- elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish;
- resurslardan imkon qadar samarali va tejamkorlik bilan foydalanish;
- nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmaslik;
- qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda ularni tarmoqdan ajratib qoʻyish;
- is gazidan zaharlanishning oldini olish.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring