Messi “Barselona” bilan sudlashmaydi va klubda yana bir yil qoladi

21:38 05 Sentyabr 2020 Sport
1496 0

“Barselona” hujumchisi Lionel Messi “Goal.com” nashriga eksklyuziv intervyu berib, soʻnggi kunlardagi hissiyotlari borasida gapirdi.

“Men «Barselona”ni tark etishga qaror qilganim haqida xotinim va bolalarimga aytganimda, haqiqiy drama yuzaga keldi. Butun oilam yigʻladi. Farzandlarim Barselonadan ketishni, boshqa maktabga oʻtishni istashmadi.

Ammo men yuqori saviyada oʻyin namoyish etadigan jamoada toʻp tepishni, sovrinlar yutishni, Chempionlar ligasida raqobatbardosh jamoada oʻynashni istadim. Bu musobaqada gʻalaba qozonish yoki yutqazish mumkin. Chunki, bu qiyin turnir, ammo raqobatlashish kerak. Hech boʻlmasa, sharmanda boʻlmaslik uchun ham kurashish kerak. Rim, Liverpul, Lissabondagi voqealar esa... Bularning barchasi meni oʻz qarorim borasida oʻylab koʻrishga majbur qildi.

Jamoadan xotirjam keta olishim mumkinligiga ishonchim komil edi. Prezident menga hamisha mavsum soʻngida ketish yoki qolish masalasini oʻzim hal qilishim mumkinligini taʼkidlab keldi. Endi esa ular 10-iyun sanasiga yopishib olishdi. Bu paytda esa biz La ligada ishtirok etayotgan edik. Koronavirus pandemiyasi butun mavsumni oʻzgartirib yubordi.

Shuning uchun men klubda qolmoqchiman. Prezident menga klubdan ketishning yagona yoʻli 700 million yevro toʻlash kerak ekanini aytdi. Buning esa iloji yoʻq.

Jamoadan ketishning yana bir yoʻli mavjud edi — klub ustidan sudga murojaat qilish. Ammo men hech qachon bunday qilmayman. Chunki men bu klubni sevaman. U menga koʻp narsa bergan. Bu klub — mening hayotim, desam ham boʻladi. Men bu yerda oʻz hayotimni yoʻlga qoʻydim. «Barsa» menga barcha narsani berdi, men klubga borimni berdim. “Barselona” ustidan sudga shikoyat qilish fikri hech qachon xayolimga kelmagan.

Farzandlarining munosabati haqida

"Mateo hali yosh. U boshqa joyga koʻchib ketib, boshqa mamlakatda yashash nima ekanini tushunmaydi.

Tyago — kattaroq. U televizor orqali baʼzi xabarlarni eshitgani uchun mendan soʻradi. Men uning bilishini istamagandim. U esa menga keskin ohangda “Hech qayoqqa ketmaymiz”, dedi. Takrorlayman, bu ogʻir boʻldi.

Men Barselonani yaxshi koʻraman. Bu yerdan yaxshiroq joyni topa olmayman. Shunga qaramay, men qaror qabul qilish huquqiga egaman. Yangi maqsadlar sari intilmoqchi edim. Keyinchalik esa yashash uchun Barselonaga qaytishim mumkin edi. Buning uchun menda barcha sharoit bor edi.

Oilam, farzandlarim bu yerda ulgʻayishmoqda. Ketish istagidan yomonroq hissiyot yoʻq. Oʻylashimcha, bu narsa menga, klubga va barchaga yaxshi boʻlardi. Xotinim qalbda ogʻriq bilan meni qoʻllab-quvvatladi", — deya oʻz hissiyotlari bilan oʻrtoqlashdi Leo.

Argentinalik futbolchi endi Ronald Kuman boshchiligidagi jamoa mashgʻulotlariga qoʻshiladi va yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?