Meningitga chalingan har 6 kishidan 1 nafari vafot etmoqda — JSST

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti meningitni tashxislash, davolash va unga chalingan bemorlarni parvarishlash boʻyicha ilk global koʻrsatmalarini eʼlon qildi. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Meningit — bosh va orqa miyaning yalligʻlanishi hamda umumiy intoksikatsiya belgilari bilan kechadigan oʻta yuqumli kasallik boʻlib, hozirgacha uning baʼzi turlariga nisbatan samarali davo choralari, tashxis usullari va vaksinalar yaratilganiga qaramay, hamon bu patologiya insonlar salomatligiga jiddiy xavf solib kelmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yili dunyo boʻyicha bu xastalikka chalingan 2,5 million nafar bemor roʻyxatga olingan. Ulardan 1,6 million nafarida kasallikning eng xavfli turi hisoblangan 24 soat ichida oʻlimga olib keluvchi bakterial meningit aniqlangan. Oqibatda 240 ming kishi vafot etgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining yangi koʻrsatmalari eng soʻnggi tadqiqot va dalillarga asoslangan boʻlib, qoʻllanma ushbu kasallik bilan bogʻliq oʻlim holatlari hamda nogironlikni kamaytirishga doir muhim tavsiyalarni oʻz ichiga olgan.
JSST bosh direktori doktor Tedros Gebreyesusning maʼlum qilishicha, bakterial meningitni yuqtirgan har olti bemordan bir nafari halok boʻlmoqda. Omon qolgan aksariyat bemorlar ham uzoq muddat davomida kasallikning ogʻir asoratlaridan qiynalishadi.
Tashkilot eʼlon qilgan yangi yoʻriqnomada meningit kasalligini yuqtirgan bir oylikdan oshgan bolalar, oʻsmirlar hamda kattalarni klinik davolashga qaratilgan maʼlumotlar mavjud.
Yoʻriqnomadagi tavsiyalar kasallikni davolashdagi tibbiy yordamlarning barcha jabhalarini qamrab oladi. U birlamchi va ikkilamchi tibbiyot muassasalari, jumladan, shoshilinch, statsionar va ambulatoriya yordamini koʻrsatuvchi mutaxassislar uchun moʻljallangan.
“Mazkur yoʻriqnoma JSSTga aʼzo davlatlar tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha meningitga barham berishga doir harakatlar rejasi maqsadlariga mosdir”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu yoʻriqnoma orqali bakterial meningit epidemiyasini bartaraf etish, xususan, emlash orqali kasallanish koʻrsatkichini 50 foizga va oʻlim holatlarini 70 foizga kamaytirish nazarda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring