“Menga najot farishtasidek qarashadi”
Oʻzbekiston aholisining salomatligini taʼminlash va fuqarolarga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining 50 foizini oilaviy poliklinikalar hamda qishloq vrachlik punktlari tashkil etadi. Umumiy amaliyot hamshirasi – oila hamshirasini aytmaganda, onkologlar, kardiologlar, yuqumli kasalliklar boʻyicha mutaxassislarga doim ehtiyoj seziladi.
Kardioxirurgman. Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Bakulev nomli kardiologiya tibbiyot markazida qariyb oʻn yil faoliyat yuritdim. 2019-yildan buyon Samarqanddaman. Hozirda viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida bolalar kardioxirurgiyasi boʻlimi mudiri boʻlib faoliyat koʻrsatyapman. Bemorlar va ularning yaqinlari doim menga najot farishtasidek qarashadi.
2003-yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga oʻqishga kirib, keyinchalik oʻqishni Sankt-Peterburg tibbiyot akademiyasiga koʻchirgandim. Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markaziga oʻqishga borib, 9-yil davomida ham oʻqib, ham ishlab, oʻsha yerda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. Kardiojarrohlik markazida ishlaganimda, Oʻzbekistondan kelgan bemorlarni koʻp koʻrardim. Bemor bolalarning ahvoli ogʻir, moddiy sharoiti haminqadar. Ularni oʻzimizda operatsiya qilsa boʻladi-ku, deb oʻylardim. Yurtga qaytishimning asosiy sababi ham shu boʻlgan.
U yerda katta maosh olardim. Yurtimga qaytayotganimda hamkasblarim hayron qolgan. Hozir bundan hech ham afsuslanmayman. Chunki oʻz vatanimda tibbiyot rivojiga oz boʻlsa-da hissamni qoʻshyapman. Yurtimizda ham tibbiyot rivojlanayotgan kunlar keldi. Birgina Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazining oʻzida yiliga mingdan ziyod zamonaviy kardiojarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Natijada yuragida nuqsoni bor qanchadan-qancha bolalar bizning jamoamiz koʻmagi bilan sogʻlom hayotga qaytyapti. Bundan gʻururlanamiz.
Soha rivoji yoʻlida qilayotgan kamtarona mehnatim ham qadr topmoqda. 2021-yilda Prezidentimiz tomonidan II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlandim. Mukofot masʼuliyat degani. Shunga loyiq boʻlishga harakat qilaman.
Niso TURDIYEVA,
Samarqand viloyat bolalar koʻp
tarmoqli tibbiyot markazi
boʻlimi mudiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring