“Men istaymanki, film siz kinozalni tark etgandan soʻng boshlansin” — mashhur rejissyorlar kino sanʼati haqida qanday fikrlar aytgan?

17:32 04 May 2021 Madaniyat
307 0

Quyida shularning ayrimlarini keltirib oʻtamiz.

“Sanʼat — ibodatning bir shakli, duoning bir turidir. Uning bosh maqsadi insonni oʻlimga hozirlamoqdir, uning botiniy olamini eng yashirin va nozik joyidan ushlamoqdir”.

Andrey TARKOVSKIY

"Tarkovskiyning nega bunchalik ajoyib ekanini izohlamoq qiyin, biroq fikrimcha, uning kinolarini tomosha qilganda goʻyoki odamga samodanmi, zamindanmi ilhom keladi".

Jon Lyuk GODAR

“Yaxshi kinolarning ham qusurlari boʻlmogʻi tabiiy. Xuddi hayot va insonlar kabi”.

Federiko FELLINI

“Filmdagi salbiy qahramon qanchalik kuchli tasvirga olinsa film ham shu qadar goʻzal boʻladi”.

Alfred XICHKOK

“Har yangi tasvirga olgan kinom menga hayotimni qanday boshqarishni oʻrgatadi”.

Nuri Bilga JEYLON

“Yaxshi rejissyor yaxshi ssenariyga dohiyona kino olishi mumkin. Xuddi shunday ssenariyga yomon rejissyor ham yaxshi kinoni tasvirga muhrlashi mumkin. Lekin yomon ssenariyga yaxshi bir rejissyor kino ololmaydi”.

Akira KUROSOVA

“Film suratga olmoq boksga tushish kabidir. Asosiy kuch balanslashtirmoq, taktika va vaqtida hujumga oʻtishga bogʻliq”.

Fotih OQIN

“Kitoblar har doim kinodan koʻra taʼsirli boʻlgan. Chunki oʻquvchiga hech narsani koʻrsatmaydi, hikoyani oʻz tasavvurlari hisobiga koʻra jonlantirmoq imkonini beradi. Aslida kinoda ham shunday qilish mumkin. Kino oʻsha paytdagi sahnada koʻrsatishi kerak boʻlgan narsani koʻrsatishi shart emas, baʼzi rejissyorlar esa bundan bexabar. Nimani oʻynashsa shuni koʻrsatishadi, nimani koʻrsatishsa uni aytishni istaydilar. Bu chin sanʼat emas”.

Mixail XANAKE

“Menda jinoyatchilar va sanʼat odamlariga qarshi gʻalati bir sezgirlik bor. Ularning hech biri hayotni koʻringani kabi qabul qilmaydi. Har biri gʻamgin hikoya real hayotdagi voqealarga nisbatan farqli boʻlishi lozim”.

Stenli KUBRIK

“Kino suratga olganimda nima qilishim kerakligi haqida koʻp oʻylamayman. Faqatgina hech narsaning izohini bermasdan koʻrsatishga harakat qilaman”.

Robert BRESSON

“Barmogʻimni kesishim, bu — tragediyadir. Qopqogʻi yopilmagan kanalizatsiyaga tushib ketib oʻlishim esa komediya”.

Mel BRUKS

«Kinoning men uchun eng qimmatli, moʻjizaviy tarafi shundaki, bir muammoni koʻrstamoq uchun obraz va hikoyalarni yozaman, yanayam toʻgʻriroq aytsam, yarataman. Bilgan narsalarimizni qayta chaynab koʻrsatish menga xos xususiyat emas. Bunday kino olib yotganlar mensiz ham yetarli. Zulm, irq masalalari va boshqalar haqida yetarlicha kinolar olingan. Ehtimol, ularning orqasida boʻlgan, yana-da teranroq, gohida izohlay olmaydigan mavzularda kino olishga urinaman. Soʻngra suratga olib-olib oʻzim ham anglashga harakat qilaman».

Zeki DEMIRKUBUZ

«Avtomobillar, mebellar, yoʻllar kabi filmlarning ham odamlarga nafi tegishini istayman».

Ingmar BERGMAN

«Kino suratga olmoq insonning turli yoshlarda oʻz suratini olgan kabi bir narsadir. Har biri har xil koʻrinsa-da aslida hammasi bir narsadir».

Vong KERVAY

«Meni tanimagan va umrida biror marta kino koʻrmagan bir odamga filmlarimni koʻrsatsangiz zavq oladi. Chunki, hech qanday koddan, shifrdan foydalanmagan holda oddiy insonlar holidan xabar beraman. Shunday bir fikr borki, filmni anglamoq uchun intellektual qobiliyat lozim. meningcha esa bunga aslo ehtiyoj yoʻq. Filmni har kim tushuna oladi, kino hamma uchun.»

Bela TARR

“Dramatik filmlarimda baʼzi kamchiliklar borligini tan olaman. Men aktyor yigʻlasa drama boʻladi, deb oʻylardim. Aslida tomoshabin yigʻlasagina drama boʻlar ekan”.

Frank KAPRA

“Gollivud eksperimental laboratoriyalarga ega boʻlmagan yagona sanoat sanaladi”.

Orson UELLS

«Inson qorongʻulikda qolganida oʻylarini izlab yuzaga chiqarishga urinadi. Agar shu paytda qoʻrquvlaringiz harakatga tushsa, ilm odami kabi boʻla olasiz.»

Devid LINCH

“Men istaymanki, film siz kinozalni tark etgandan soʻng boshlansin”.

Jak TATI

“Kino tuygʻularni, orzular va fikrlarni izohlamoq uchun eng yaxshi vositadir.”

Luis BUNUYEL

«Ichida zoʻravonlik sahnalari mavjud boʻlgan filmlar bolalarni beshafqat qilmaydi. Balki shafqatsiz proyuserlarga aylantiradi, biroq bu umuman boshqa masala, boshqa bir mavzudir.»

Kventin TARANTINO

Tarjimon va toʻplovchi:
Rahmat BOBOJON

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?