Meksikadagi eng qudratli narkobaron “El Mencho” yoʻq qilindi
Meksika armiyasi “Xalisko yangi avlodi” karteli rahbari Nemesio Osegera Servantesni (laqabi “El Mencho”) yoʻq qildi. Bu haqda “Associated Pres” xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, “El Mencho” Jalisko shtatidagi Tapalpa hududida oʻtkazilgan operatsiya chogʻida yaralangan va Mexiko shahriga olib ketilayotganda vafot etgan. Ushbu kartel AQShga katta miqdorda fentanil va boshqa giyohvand moddalar yetkazib berishi bilan tanilgan.

Rasmiylar maʼlumotiga koʻra, kartel aʼzolari 20 ta shtatda 250 dan ortiq nuqtada avtomobillarni yoqib, yoʻllarni toʻsib qoʻygan. Jalisko, Michoakan va Guanaxuato shtatlarida kamida 14 kishi, jumladan yetti nafar Milliy gvardiya xodimi halok boʻlgan. Gvadalaxara shahrida maktablar yopilgan, jamoat transporti toʻxtatilgan.
Operatsiya tafsilotlari va xalqaro hamkorlik
Mamlakat mudofaa vazirligiga koʻra, operatsiya vaqtida harbiylar oʻqqa tutilgan, toʻrt nafar gumonlanuvchi oʻldirilgan. Yana uch kishi, jumladan Osegera Servantes, olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Ikki nafar shaxs qoʻlga olingan, zirhli avtomobillar va ogʻir qurollar musodara qilingan. Uch nafar harbiy jarohat olgan.

Ilgari AQSh Davlat departamenti “El Mencho”ni qoʻlga olish uchun 15 million dollargacha mukofot eʼlon qilgan edi. 2025-yil fevral oyida AQSh maʼmuriyati ushbu kartelni xorijiy terrorchi tashkilot sifatida roʻyxatga olgan. Shu bois ushbu operatsiyaga AQSh hukumati razvedka yordamini koʻrsatgani taxmin qilinmoqda.

Kartelning qudrati va jinoiy faoliyati
CJNG 2007-yil atrofida tashkil topgan boʻlib, Meksikadagi eng qudratli va tez rivojlangan jinoiy tuzilmalardan biri hisoblanadi. U AQShning barcha 50 shtatida faoliyat yuritishi qayd etilgan. Kartel kokain, metamfetamin va ayniqsa fentanil ishlab chiqarish hamda tarqatish orqali milliardlab daromad topgan.

Osegera Servantes 1990-yillardan buyon narkotrafik bilan shugʻullangan. U 1994-yil AQSHning Kaliforniya shtatida geroin tarqatish boʻyicha ayblanib, qariyb uch yil qamoq jazosini oʻtagan. Keyin Meksikaga qaytib, jinoiy faoliyatini davom ettirgan va bir necha bor AQSH sudlari tomonidan ayblov eʼlon qilingan. Unga qarshi 2022-yil 5-aprelda giyohvand moddalarni AQShga noqonuniy olib kirish va qurol ishlatish boʻyicha navbatdagi ayblov qoʻyilgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring