Mehrning bahosi boʻladimi?

15:11 19 Yanvar 2022 Jamiyat
733 0

Foto: Халқ сўзи

Otasi urushga ketganida, Abdumutalib chillasi chiqmagan chaqaloq edi. Afsuski, ota bedarak ketdi. Ikki yoshligida onasi boshqa turmush qilgach, u odamlarning mol-qoʻyini boqib katta boʻldi.

Har qancha qiyinchilik boʻlishiga qaramay, kitobga mehr qoʻydi. Pedagogika institutida oʻqidi. Oila qurib, toʻrt farzandni elga qoʻshdi. Oilada ulgʻaygan yolgʻiz oʻgʻil, afgʻon urushi qatnashchisi Dilshodbek Uzoqov 2018-yili 49 yoshida kutilmaganda vafot etdi. Toʻngʻich qizi Umida uzoq yillar harbiy sohada ishladi, ikkinchi qizi Nargiza iqtisodchi. Kenjatoy Nigora kasb-hunar kollejini tugatgan, lekin taqdir ekan, u oila qurmadi. Nargizaning turmush oʻrtogʻi ham ikki bolasini tashlab, boshqa oila qurib ketgan. Ota-ona uyiga koʻchib oʻtgan Nargiza ikki farzandi uchun sobiq turmush oʻrtogʻidan 600 ming soʻm aliment olardi. 2021-yili katta farzandi 18 yoshga toʻlib, unga beriladigan 300 ming soʻm aliment puli toʻxtatildi.

Ayni paytda oila aʼzolari asosan bobo va buvining jami 2 yarim million soʻm miqdoridagi pensiya puli hisobiga tirikchilik qiladi. Toʻgʻri, ota gulchilik bilan shugʻullanadi. Oila aʼzolarining ijara asosida foydalanadigan gul doʻkoni ham bor.

— Pandemiya sharoitida tadbirkorlikdan baraka ketib, gul doʻkoni ijarasi uchun Fargʻona mexanika zavodiga toʻlashimiz kerak boʻlgan har oylik pulni ham toʻlay olmayapmiz, — deydi hayot sinovlaridan zada boʻlgan otaxon koʻzlariga yosh olib. — Ana shunday sharoitda zavod maʼmuriyati doʻkon ijarasi uchun har oylik toʻlov miqdorini 1 million 200 ming soʻm qilib belgiladi. Bu bizga ogʻirlik qilmoqda.

Xonadonidagi ochiq maydonda gul koʻchatlari yetishtirib sotadigan oila sohibi moʻjazgina issiqxona qurish orqali doimiy daromadga ega boʻlish maqsadida qayta-qayta murojaat qilib, tijorat banklaridan kredit ololmadi. Uyida tovuq boqish niyati ham hozircha orzuligicha qolmoqda.

— Bu oila yaqinda “Temir daftar” roʻyxatidan chiqarildi, lekin hamisha moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga harakat qilyapmiz, — deydi Fargʻona shahar “Oʻrmonchilar” MFY raisi Zamiraxon Ziyayeva. — Hozirgi kunda “Ayollar daftari”ni shakllantirish boʻyicha yangi tizim asosida ish tashkil etilyapti. Otaxonning kenja qizi — Nigora Uzoqovani “Ayollar daftari”ga roʻyxatga olib, tikuv mashinasi olib berishga koʻmaklashishni maqsad qilganmiz. Aytgancha, Nigora oʻquv markazida ayollar sartaroshligi boʻyicha ham oʻqigan.

Fargʻona mexanika zavodi rahbari Akmaljon Ergashev ham ushbu oilaga ijaraga berilgan savdo doʻkoni uchun imkon qadar oylik toʻlovlar borasida imtiyoz berishga vaʼda berdi.

Abdumutalib Uzoqov tabarruk 85 yoshda. U va turmush oʻrtogʻi Marhabatxon aya qariyb 40 yil taʼlim sohasida ishlab, nafaqaga chiqqan. Hozirda Abdumutalib ota II guruh nogironi, 76 yoshdagi oila bekasi ham turli kasalliklardan aziyat chekadi.

Bu oila bugun shakllangan baʼzi toifaga oʻxshab boqimandalik bilan kun kechirishga odatlanmagan. Mehnati, harakati orqali tinch va farovon yashashni orzu qiladi. Ularga ozgina mehr va eʼtibor boʻlsa, kifoya.

Fargʻona viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, Fargʻona shahar hokimligi bu oilaga eʼtibor qaratib, begʻaraz va samimiy yordam koʻrsatishiga ishonamiz.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер