Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini farzandlikka olish uchun 5792 nafar fuqaro navbatda turibdi — deputat

10:56 30 Noyabr 2021 Jamiyat
521 0

Keyingi paytda xalqimizning mehr-muruvvat va xayru saxovatga yoʻgʻrilgan boqiy anʼanalariga sodiqlik isboti sifatida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini farzandlikka olish mamlakat miqyosida ommaviylashib bormoqda.

Oʻksik qalblarga yorugʻ nur bagʻishlovchi bunday savobli ishni qoʻllab-quvvatlovchi oilalar, bagʻrikeng insonlar safi kengayib borayotir. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 13 ta bolalar uyida tarbiyalanayotgan 500 dan ziyod dilbandlarni farzandlikka olish uchun ayni vaqtda 5 ming 792 nafar yurtdoshimiz navbatda turgani koʻngillarni osmon qadar yuksaltiradi, albatta.

Ayonki, fuqarolar tomonidan farzandlikka olish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan duch kelinadigan ayrim muammolarni hal etish qator qonun va qonunosti hujjatlar bilan kafolatlangan. Jumladan, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunda ana shunday muhim jihatlar oʻz aksini topgan.

Mazkur Qonunning 4-moddasida vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning oʻz vaqtida aniqlanishi, hisobga olinishi va joylashtirilishini taʼminlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunchilik ijrosini taʼminlash, gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar belgilangan.

Vasiylik va homiylik organlari vakolat doirasidagi tadbirlarni amalga oshirarkan, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni oʻz vaqtida aniqlaydi. Zarur hujjatlarni tayyorlash va ularni joylashtirishga ham masʼul boʻladi.

Oʻz navbatida, bunday shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilib, vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishini, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning taʼminoti, ularga tarbiya va taʼlim berish sharoitlarini, shuningdek, mol-mulki but saqlanishini taʼminlash ustidan nazorat qiladi.

Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish amaldagi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Har qanday inson, ayniqsa, umid bilan dunyoga kelgan oʻgʻil-qizlarimiz mehr koʻrishsa, albatta, baxtli, saodatli boʻladilar.

Umidaxon ZOKIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?