“Mehr kutubxonasi”: Kitob va mehr ulashayotgan loyiha

Albatta imkoniyati cheklanganlar ham hayotning toʻlaqonli ishtirokchisidir. Ularning maʼnaviy olamini boyitishga boʻlgan ishtiyoqi, bilishga boʻlgan chanqoqligi boshqa har qanday insonnikidan kammas. Jumladan kitobxonlikda ham. Eʼtirof etish lozimki, aynan shunday yurtdoshlarimiz, ayniqsa yoshi ulugʻ insonlar uchun Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyati axborot- kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan “Mehr kutubxonasi” loyihasi oʻziga xos mehr va eʼtibor timsoliga aylangan.
Ushbu loyiha orqali kutubxonaga mustaqil ravishda borolmaydigan, yoshi katta va nogironligi boʻlgan fuqarolarga kutubxona xizmatlarini uydan turib olish imkoniyati yaratilgan. Kutubxona xodimlari “Mehr kutubxonasi” aʼzolari bilan telefon orqali bogʻlanib, ularning adabiyotlar boʻyicha qiziqishlarini aniqlaydi. Ularning istaklariga mos kitoblar tanlab olinadi, bevosita uylariga olib boriladi.
Mazkur loyihaning gʻoyasi oddiy, ammo katta ahamiyatga ega. Negaki, “Mehr kutubxonasi”ning ishi oddiy kitob topshiruvdan iborat emas, balki shu asnoda kitobxon bilan samimiy suhbatlar, kitoblar haqida fikr almashuvlar ham boʻladi. Qolaversa, yoshi ulugʻ insonlar oʻqigan asarlari haqida nevara-chevaralariga hikoya qilib beradi. Kitobxonlikning behisob foydasi boʻyicha boshqalarga maslahatlar beradi. Muhimi, ushbu xayrli ish tufayli nafaqat maʼnaviy ozuqa oladi, balki oʻzlarining kerakli, qadrlanayotgan inson ekanini yana bir bor his qiladi.
— Bugungi kunda ushbu loyihaga 20 nafar nogironligi bor fuqaro qamrab olingan boʻlib, ularning aksariyatini yoshi ulugʻ kitobsevarlar tashkil etadi, — deydi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazining abonementlar sektori mudiri Xurshida Mamatqulova. — Dastlab loyiha doirasida onlayn xizmatlar — “Mehr kutubxonasi” foydalanuvchilarini elektron kitoblar orqali taʼminlash imkoniyati mavjud edi. Afsuski, texnik sabablar tufayli bu yoʻnalish hozirda faoliyatini toʻxtatgan. Ammo shunga qaramay, “Mehr kutubxonasi” oʻzining asosiy yoʻnalishi – kitoblarni bevosita kitobxonning uyiga yetkazish, maʼnaviy muloqot orqali ularga mehr ulashish ishini davom ettirmoqda.
Ha, ushbu loyiha – maʼnaviyat, eʼtibor va inson qadri uchun xizmat qilayotgan amaliy tashabbusdir. Ayniqsa, hayotning turli bosqichida koʻp sinovlarga duch kelgan yoshi ulugʻ insonlar uchun bu loyiha qalbga iliqlik, ruhga orom, fikrga ozuqa boʻlib xizmat qilmoqda. “Mehr kutubxonasi” nafaqat kitob, balki insoniylik, mehr va gʻamxoʻrlik elchisi sifatida yuraklarga yoʻl topmoqda.
Sevara RASULOVA,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti 1-bosqich talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring