Mehr bergan izzat topadi

16:00 16 Yanvar 2026 Jamiyat
392 0

Peshku tumanida umrini matbuotga, maʼnaviyatu maʼrifatga bagʻishlagan Ismoil Umarov degan hamkasbimiz yashaydi. Afsuski, keksayganida unga salomatligi pand berdi. Koʻzlari koʻrmay qoldi. Bir paytlar koʻhna Afshonadan tortib sahro bagʻridagi Jongeldiga qadar borib maqolalar yozgan, radioeshittirishlar tayyorlagan Ismoil aka endi uzukkun uyda.

Shunga qaramay ruhan tetik. Xushchaqchaq, soʻzga chechan, doʻst-birodarlarini qadrlaydigan bu inson bir gal “Maxfirat turmush oʻrtogʻi bilan tez-tez kelib ahvolimdan xabar olib turadi. Ilohim, umridan baraka topsin”, deb qoldi.

U qoʻshni Romitan tuman gazetasi muharriri, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Maxfirat Atoyevani nazarda tutayotgandi. Bu hamkasbimizni salkam 35-yildan beri yaxshi bilganimiz bois Ismoil akaning gapidan aslo ajablanmadik. Maxfirat opa tabiatan jonkuyar, kamtar, kamsuqum, mehr-oqibatli, samimiy inson. Qalami oʻtkir jurnalist. Kazo-kazolar davrasida dadil turib “Davriy nashrlar, gazetalar yashab qolishi kerak”, deya qatʼiyat koʻrsatganiga ham guvohmiz.

Ochigʻi, boshqalar tashvishini oʻzinikiday qabul qiladigan, ular yutugʻini koʻrganda shu muvaffaqiyatga oʻzi erishgan kabi quvonadigan kishini har kuni ham uchratavermaysiz. Maxfirat Atoyevada shu fazilatlar mujassam. Unga loqaydlik yot. Odamlar orasida boʻlishni xush koʻradi. Deputat sifatida saylovchilari – oddiy fuqarolarning oʻy-tashvishini yengil qilish uchun ne-ne idoralar eshigini chertmagan deysiz? “Sinovlarning siylovi bor”, “Mehr bergan izzat topadi”, “Tili borlar emas, tilni bilganlar gapirsin”, “Oriyatli odam”, “Mumtoz qoʻshiqlar talabgori bormi?” singari oʻnlab maqolalari ham hayotiy kuzatishlar mevasi sifatida qogʻozga tushgan.

– Maxfirat opaning sheʼrlarini aytmaysizmi? – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Mohigul Nazarova. – Ularda ayol qalbining nurli iztiroblari, quvonch-tashvishlari boʻy koʻrsatib turadi. Gazeta muharrirligi, deputatlik, “Saodat” jurnalining viloyatdagi muxbirligi, uy-roʻzgʻor yumushlari – bulardan ortib badiiy ijod bilan shugʻullanishga ham vaqt topish kishidan juda katta qatʼiyat, sabru toqat, mashaqqat talab qiladi.

Darvoqe, qahramonimizning nafaqat yurtimiz, balki qoʻshni Qozogʻistonda ham oʻquvchilari bor. U shu mamlakat Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tanlovlarda faxrli oʻrinlarni egallagan. Ijodiy ishlari qoʻshni davlat matbuotida muntazam yoritilgan. Mehnati alohida eʼtirof etilib, “Dunyo talantlari” uyushmasi taʼsis etgan “Abay” medali bilan taqdirlangan.

“Moʻtabar ayol” nishoni sohibasi Maxfirat Atoyeva uchun Yangi yilning dastlabki oyi hayajonli damlarga boy kechmoqda. Yangi kitobi dunyo yuzini koʻrdi. Oʻzi roppa-rosa 70 yoshga toʻldi. Shu bahonada doʻstlari, yaqinlari, hamkasblari, partiyadoshlari davrasida kitob taqdimoti va diydorlashuv kechasini oʻtkazmoqda.

Doʻstlar diydoriga toʻyib ijod zavqi bilan yashaganga nima yetsin?!

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?