Mehnatkashlar manfaatlari — doimiy eʼtiborda

10:28 14 Fevral 2025 Jamiyat
220 0

2025-yil kasaba uyushmalari tizimida hisobot-saylovlar yili ekanligi bois mazkur jarayonda oʻtgan besh yillikdagi faoliyat sarhisob qilinib, erishilgan natijalar tahlil etilmoqda.

Maʼlumki, tarmoq kasaba uyushmalari ustavlarida barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlarining vakolat muddatlari 5-yil etib belgilanganidan kelib chiqib, 2025-yilda navbatdagi hisobot-saylovlar oʻtkazilmoqda.

Hisobot-saylov yigʻilishlari va konferensiyalari boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyatida muhim voqelik boʻlib, ushbu jarayonda hisobot davrida kasaba uyushmasi tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, shu bilan bir qatorda, faoliyatni tashkil etishda qanday kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olinadi.

Bu esa boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlaridan hisobot-saylov yigʻilishlari va konferensiyalariga masʼuliyat bilan yondashishni, umumiy yigʻilish va konferensiyalarni Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Federatsiya va tarmoq kasaba uyushmalari ustavlariga, tizimda amalda boʻlgan meʼyoriy hujjatlarga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazilishini taʼminlashni, hisobot-saylov konferensiyasi hujjatlarini oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirishni talab etadi.

Shu bois, boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlariga uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni oʻtkazish toʻgʻrisida Nizom”, “Boshlangʻich tashkilotlarda hisobot-saylov yigʻilishlari (konferensiyalari)ni oʻtkazish yuzasidan tavsiyalar toʻplami” ishlab chiqilib, amaliyotda foydalanish uchun barcha darajadagi kasaba uyushmalariga yetkazildi.

Joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Respublikamiz hududlarida kasaba uyushmalari tizimidagi hisobot-saylovlarni oʻtkazish boʻyicha maxsus oʻquv-seminarlari tashkil etildi. Oʻquv-seminarlariga korxona, tashkilot va muassasalarning boshlangʻich kasaba uyushma tashkiloti raislari qamrab olindi.

Yaqinda Gʻijduvon tumanidagi “Parvoz Humo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi hamda korxona Jamoa shartnomasining 2024-yilda bajarilishiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Mazkur konferensiyada Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyat kengashi, Tadbirkorlik, biznes va xizmat koʻrsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, tarmoq kasaba uyushmasining Buxoro viloyat kengashi mutasaddilari ishtirok etdilar.

Tadbirda taʼkidlanganidek, “Parvoz Humo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 1247 nafar kasaba uyushma aʼzosi mavjud. Hisobot-saylovlarning dastlabki yigʻilishlari korxona sex jamoalarida oʻtkazilib, boshlangʻich tashkilot konferensiyasiga delegatlar saylandi. Korxona jamoasi nomidan saylangan 50 nafar delegat ishtirokida oʻtkazilgan hisobot-saylov konferensiyasi juda qizgʻin va muzokaralarga boy boʻldi.

Hisobot saylov konferensiyasida korxona kasaba uyushma qoʻmitasi raisi 5-yil davomida ish beruvchi bilan ijtimoiy sheriklik asosida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, ular salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida mehnat jamoasi oldida hisobot berdi.

Shundan soʻng korxona Jamoa shartnomasining 2024-yildagi ijrosi boʻyicha korxona direktori Nurali Boqiyevning hisoboti tinglandi. Xususan, ish beruvchi yil davomida xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgani, xususan, barcha xodimlar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganligi, xodimlarni ish stajiga qarab ragʻbatlantirish va bosqichma-bosqich oʻqitish yoʻlga qoʻyilganligi, bepul ovqatlanish tashkil etilganligi, mehnatkashlarning maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanganligini alohida taʼkidladi.

Oʻz navbatida, kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Jamoa shartnomasi bandlarining toʻliq ijrosini taʼminlash borasida olib borgan ishlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, ekspertiza komissiyasining Jamoa shartnomasi ijrosi boʻyicha hisoboti tinglandi.

Shundan soʻng konferensiya delegatlari tomonidan jamoa shartnomasiga kiritiladigan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar yuzasidan takliflar bildirildi. Jumladan, yigiruv-toʻquv sexlarida ishlayotgan xotin-qizlarga imtiyozlarni koʻpaytirish, xotin-qizlar oʻrtasida sportning ommaviy turlari boʻyicha musobaqalarni muntazam oʻtkazish, boshqa toʻquv korxonalari jamoalari bilan oʻzaro bellashuvlarni muntazam tashkil etish takliflari bildirildi.

Konferensiyada kasaba uyushma qoʻmitasi va kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi raisligiga nomzodlar muqobillik asosida saylandi.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер