Mehnati qadrlangan kishining oʻziga ishonchi yanada oshadi

23:54 11 Fevral 2025 Jamiyat
202 0

Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan inson va uning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tub islohotlar viloyat, tuman markazlaridan tortib eng chekka hududdagi qishlogʻu ovullargacha kirib bordi. Soʻnggi yillarda aholining tadbirkorlik faoliyatini manzilli qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish masalasi davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Xususan, Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashib, muloqot qilishi anʼana tusini oldi. Binobarin, amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar eng ustuvor vazifalarimizdan biri, aholi turmush farovonligi oshishiga zamin yaratmoqda.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida amalga oshirayotgan ishlarimiz va kelgusidagi rejalarimizni gapirib berganimda, u kishi faoliyatimizni ijobiy baholab, davlat mukofoti bilan taqdirlashini maʼlum qildi.

Ochigʻi, bunday yuksak eʼtirofni kutmagandim. Kamtarona mehnatlarimizni eʼtirof etib, munosib ragʻbatlantirayotgan, tadbirkorlik uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.

Aslida, xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish sohalaridagi tadbirkorligimiz yildan-yilga ravnaq topayotganining boisi bitta — mamlakatimizda yaratilgan qulay biznes muhiti. Bu esa katta-katta loyihalarni amalga oshirishimizga kuch bagʻishlayotir. Masalan, yuz milliard soʻm evaziga Denov tumanidagi Qizilsuv daryosi boʻyida “Yoshlar sayilgohi” bunyod etyapmiz. Zamonaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan sayilgohda savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari, turli koʻngilochar maskanlar qurilmoqda. Yaqinda ishga tushirilishi kutilayotgan bu maskanda mingdan ortiq kishi ishli boʻladi.

Termiz shahrida zamonaviy qurilish materiali ishlab chiqaruvchi korxonamiz bir kunda 1 500 kvadrat metr sendvich panellari tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda hozirda 60 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Ayni paytda Termiz tumanida sendvich panelda ishlatiladigan bazalt va penoplast qoplamalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Oltinsoy tumanida mavjud bazalt zaxirasidan foydalanib, import oʻrnini bosadigan eksportbop mahsulot ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Umumiy qiymati 26 million AQSH dollari boʻlgan mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida yana 350 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Ushbu korxonamiz yil yakunigacha foydalanishga topshiriladi.

Ertangi kunga ishonch, qalbimizga faxr bagʻishlagan mazkur mukofot nafaqat menga, balki Surxon vohasidagi jamiki tadbirkorlarga berilgan yuksak eʼtibordir. Biz tadbirkorlar faqat daromad olishni koʻzlayotganimiz yoʻq, davlat rahbariga yelkadosh boʻlib, xalq manfaatiga xizmat qilayotgan loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Bahrom RAUPOV,

“Surkhon Sandwich” MCHJ taʼsischisi,

“Doʻstlik” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер