Mehnat yarmarkasi orqali 73 nafar talaba ishli boʻldi

13:39 21 Aprel 2022 Iqtisodiyot
1500 0

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 4-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizning barcha oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar koʻrib chiqilgan edi. Bugun ana shu topshiriqlar ijrosi yuzasidan joylardagi OTMda tegishli tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Toshkent moliya institutida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy bank hamda 120 dan ortiq korxona va tashkilotlar ishtirokida mehnat yarmarkasi oʻtkazildi. Yarmarkada ishtirok etgan besh ming nafarga yaqin talabalar mavjud boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻldi.

— “Karyera kuni” mehnat yarmarkasini oʻtkazish anʼanaga aylanib bormoqda, — deydi institut prorektori Sherzod Sindarov. — Yosh mutaxassislarga ish beruvchi korxona va tashkilotlar faoliyati toʻliq aks ettirilgan koʻrgazmali jihozlar hamda boshqa maʼlumotlarning taqdim etilishi juda yaxshi natija beryapti. Institut bitiruvchilari bu kabi maʼlumotlar asosida oʻzlariga maʼqul boʻlgan ishni tanlash bilan birga, oʻz kelajagini belgilamoqda. Bevosita ertangi hayoti bogʻliq boʻlgan jamoa bilan yaqin muloqot oʻrnatyapti.

Bu galgi tadbirda qatnashgan ish beruvchilar tomonidan oʻtkazilgan tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan 73 nafar talabaga tegishli tashkilotlarga ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida sertifikat berildi. Tanlovlarning birinchi bosqichida ishtirok etgan 2 ming nafar talabaning shaxsiy maʼlumotnomalari ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillari tomonidan oʻrganib chiqish hamda kelajakda ishga yoʻnaltirish uchun qabul qilindi.

— Bitiruvchi talaba yoshlarga har tomonlama koʻmak berish maqsadida Toshkent moliya institutida Bandlik markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda, — deydi Marketing va talabalar amaliyoti boʻlimi boshligʻi Oʻtkir Dusboyev. — Bu yerda yosh mutaxassislar mehnat qonunlari va tegishli meʼyoriy hujjatlar, mehnat bozorida mos vakant oʻrinlarni izlash koʻnikmalari, ishga kirish uchun rezyumeni tayyorlash hamda ish beruvchi bilan suhbatdan oʻtish usullarini oʻrganadi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining ilgʻor mutaxassislari va ekspertlari tomonidan tegishli yoʻnalishlarda suhbat hamda maʼruzalar oʻtiladi. Talaba-yoshlarga mehnat bozoridagi mavjud raqobat, korxonalarga ishga joylashish tartib-qoidalari xususida dastlabki koʻnikmalar beriladi.

Bandlik markazida mehnat organlari, taʼlim muassasalari va manfaatdor idora hamda tashkilotlar ishtirokida ish oʻrinlari yarmarkalari, karyera kunlarini tashkil etish va talabalarni kelajakda kasbiy faoliyatga qiziqishlarini shakllantirish chora-tadbirlari ham belgilanadi. Markaz faoliyatining yana bir muhim jihati shundaki, Toshkent moliya institutining salohiyatli kadrlar tayyorlash borasidagi tajribalari, sifat koʻrsatkichlari keng targʻib qilinadi.

Ayniqsa, institutni muqaddam tamomlagan bitiruvchilarning hozirgi mehnat faoliyati (karyerasi) tahlillar asosida yosh mutaxassislarga taqdim etiladi. Ushbu OTMning asosiy kasblar toʻgʻrisidagi professiogrammalari, oʻquv-qoʻllanmalarini nashr qilish borasida ham Bandlik markazining alohida oʻrni borligi taʼkidlandi.

Shodiyor MUTAHAROV, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер