Mediatsiya instituti: nizolarni muqobil hal qilishning samarali usuli
Adliya vazirligi tomonidan Xalqaro taraqqiyot huquqi tashkiloti (IDLO) hamda Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan hamkorlikda mediator-trenerlar uchun uch kunlik trening tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida adliya vaziri oʻrinbosari M. Ikramov kirish soʻzi bilan ishtirok etib, sohada amalga oshirilgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlangandek, Adliya vazirligi tomonidan bugungi kunga qadar professional mediatorlar reyestriga 1800 nafardan ortiq mediatorlar kiritildi. Sudlarda 3 mingdan ortiq iqtisodiy ishlar mediatorlar koʻmagida mediativ kelishuv tuzish yoʻli bilan yakunlandi. Biroq bu koʻrsatkichlar sudda koʻrilayotgan ishlar soniga nisbatan taqqoslanganda umumiy ishlarning atigi 2-3 foizini tashkil etadi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar, xususan AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy va Yaponiya kabi davlatlarda 40 foizdan 80 foizgacha boʻlgan ishlar nizolarni muqobil hal etish institutlari yordamida hal etiladi. Bu koʻrsatkichlar sohada islohotlarning muhimligi va hali qilishimiz kerak boʻlgan ishlarning koʻpligini koʻrsatmoqda.
Mediatsiya instituti nizolarni muqobil hal qilishning boshqa usullaridan koʻra tezkorligi, osonligi va nizoni tinch yoʻl bilan hal etib, taraflar oʻrtasida oʻzaro ijobiy munosabatlarni saqlab qolishi bilan ham ahamiyatlidir.
Shuningdek, bu institut sudlarda ish yuklamasini kamaytirishga ham xizmat qiladi. Sudlarda ish hajmi yildan yilga ortib bormoqda. Xususan, 2021-yilda fuqarolik sudlari tomonidan 518 087 ta ishlar koʻrib chiqilgan boʻlsa, bu raqamlar 2023-yilda esa 943 892 taga yetib ikki yil ichida 46 foizga oshgan. Bundan tashqari, mediatsiyaning Oʻzbekiston investitsiya siyosatini rivojlantirishda ham oʻrni beqiyos.
Sohani rivojlantirish uchun Adliya vazirligi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda islohotlarni amalga oshirishni boshlagan. Xususan, professional mediatorlar reyestriga kiritish davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi belgilandi (avval anʼanaviy shaklda adliya organlari orqali amalga oshirilar edi). Professional mediatorlar reyestriga kiritish muddati oʻn kundan uch kunga qisqartirildi. Toshkent mediatsiya markazi tashkil etildi.
Mediatsiya sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda amaliyotchi mediatorlar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarning fikri va takliflari muhim. Bu borada malakali mediatorlarni xalqaro standartlarga mos ravishda oʻqitish va ularni oʻz ishining ustasi qilib tarbiyalashda mediator-trenerlarning oʻrni beqiyos. Bugungi trening ham ushbu maqsadlarga erishish uchun tashkil etilgan.
Treningda Singapur Xalqaro nizolarni hal qilish akademiyasi eksperti Mariam Gotsiridze va Markaziy Osiyo Nizolarni muqobil hal etish markazi mutaxassisi Elvira Borombayeva kabi xalqaro ekspertlar 3 kun davomida mediatorlarga oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazadi.
Manzura MATRASULOVA,
OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring