Mbappe “Oltin butsa” sovrinini qoʻlga kiritdi

20:43 31 Oktyabr 2025 Sport
1019 0

Fransiyalik futbol yulduzi Kilian Mbappe 2024/25-yilgi mavsumda Yevropaning eng yaxshi toʻpurari sifatida “Oltin butsa” sovriniga sazovor boʻldi. Hujumchi “Real Madrid” safidagi ilk mavsumida La Ligada 31 ta gol urib, “European Sports Media” tomonidan oʻtkazib kelinadigan tanlovda gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Mbappe mazkur tanlovda 62 ball toʻpladi va bu orqali Portugaliyaning “Sporting” klubi forvardi Viktor Gyokeresh (58,5 ball) va “Liverpul” yetakchisi Muxammad Salahni (58 ball) ortda qoldirdi.

Tantanali marosim 31-oktyabr, juma kuni “Santyago Bernabeu” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda “Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso, jamoa aʼzolari hamda klub prezidenti Florentino Peres ishtirok etdi.

Mbappe sovrinni qabul qilib olgach, “Bu mukofot men uchun juda muhim. Birinchi marta bunday yutuqqa erishdim. Hamjamoamga rahmat, chunki ularsiz bu imkonsiz edi”, dedi.

Peres esa Mbappeni klub qadriyatlarini ifodalovchi futbolchi sifatida taʼriflab, “Biz sen kabi oʻyinchimiz borligidan faxrlanamiz. Sen 34 uchrashuvda 31 ta gol urib, jami 44 gol bilan mavsumni yakunlading. Bu sening ilk ʼOltin butsangʼ va uni qoʻlga kiritish oson boʻlmadi”, deya taʼkidladi.

Mbappe, shuningdek, “Real”da yana koʻp yillar davomida faoliyat yuritib, jamoa bilan koʻplab sovrinlarni qoʻlga kiritish niyatida ekanini bildirdi. Aytish joiz, hozirda “Real Madrid” La Liganda yetakchilikni saqlab turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?