Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashishda Oʻzbekiston tajribasi eʼtirof etildi

01:31 18 May 2022 Siyosat
642 0

Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida gibrid shaklda “Bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha 5-Global konferensiya” boʻlib oʻtdi.

Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir bolalar mehnati va majburiy mehnat muammosi, ushbu muammoni bartaraf etish boʻyicha davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan koʻrilayotgan choralar, bola huquqlarini taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan eʼlon qilingan “2021-yil Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili” doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.

Yuksak saviyada oʻtkazilgan ushbu xalqaro tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Norboyeva, Xalqaro mehnat tashkilotining bosh direktori Gay Rayder, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi bosh direktori Sharran Barrou, Xalqaro ish beruvchilar konfederatsiyasi bosh direktori Suares Santos, Xalqaro mehnat tashkilotiga aʼzo 187 davlatdan 4 mingga yaqin vakillar ishtirok etdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva soʻzga chiqib, mamlakatimizda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar singari, mehnat munosabatlarini xalqaro normalar asosida tartibga solish borasida ijobiy natijalarga erishilganligini taʼkidladi.

Bu borada birinchi navbatda milliy qonunchilikni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish, institutsional bazani rivojlantirish, monitoring va tadqiqotlar olib borish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilganligini qayd etdi.

Xususan, 2019-2021-yillar davomida bu boradagi milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida 32 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi, har yili Xalqaro mehnat tashkilotining oʻrtacha ikkita konvensiyasi ratifikatsiya qilinayotganligi, bu sohada bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik choralarining kuchaytirilganligi samarali choralardan biri boʻlganligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy hamda hududiy komissiyalarning tashkil qilinganligi, ushbu masalalar boʻyicha Milliy maʼruzachi institutining taʼsis etilganligi bu sohadagi ishlarni samarali muvofiqlashtirib borish imkoniyatini yaratgan.

Bundan tashqari, bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikning yoʻlga qoʻyilganligi, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda koʻrilayotgan choralar samarali boʻlganligiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kuchli siyosiy irodasi hamda mavjud muammolarga tizimli yondashuv asosida koʻrilgan choralar natijasida soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga batamom barham berildi. Ushbu natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Tadbir davomida xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar yuksak baholandi. Sohada erishilgan natijalar mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini joriy etish, aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi, shuningdek Oʻzbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

Xususan, “Oʻzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi yoʻli toʻgʻri va samarali ekanligi oʻz tasdigʻini topdi. Milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga implementatsiya qilishdan tortib, bu boradagi ishlarga barcha idoralarni jalb etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish oʻz samarasini berdi”, deydi Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Gay Rayder.

“Qisqa vaqt ichida bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga toʻliq barham bergan Oʻzbekiston tajribasi bugungi kunda barcha davlatlarga oʻrnak boʻladi. Kuchli siyosiy iroda, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, shuningdek samarali xalqaro hamkorlik natijasida mehnat munosabatlari tizimi jahon andozasi darajasiga koʻtarildi”, deydi Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi Bosh direktori Sharan Barrou.

Xalqaro tadbir oʻz ishini 20-mayga qadar davom ettiradi, unda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari boʻyicha maʼruza bilan qatnashib, fikr almashishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?