Mizdakxan – muqaddas va sirli maskan

18:39 25 May 2024 Madaniyat
2644 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Gʻayrat OTAJONOV/«Xalq soʻzi». Qoraqalpogʻiston Respublikasi turizm boshqarmasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Xoʻjayli tumani hokimligi hamkorligida «Mizdakxan muqaddas va sirli maskan» yoshlar xalqaro festivali oʻtkazildi.

Unda yurtimizdan tashqari AQSH, Janubiy Koreya, Irlandiya, Turkiya va boshqa davlatlardan xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Festival doirasida «Madaniy xabardorlikni oshirish va ekologik barqaror turizmni rivojlantirish» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari R. Zarikeyev, Xoʻjayli tumani hokimi J. Yermashev va boshqalar soʻzga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, shu orqali xorijiy sayyohlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtaldi.

Foto: «Xalq soʻzi»

Festival doirasida «Taqiya» qoraqalpoq milliy liboslari koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda respublikaning eng yosh va iqtidorli 5 nafar dizayneri tomonidan yaratilgan 100 ga yaqin milliy libos namoyish etildi. Shuningdek, taniqli sanʼat ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Festivalning ikkinchi kunida tadbir ishtirokchilari Xoʻjayli tumanidagi Mizdakxan tarixiy majmuasiga tashrif buyurdilar.

– Qariyb ikki yuz gektar maydonni egallaydigan bu qadimgi qabristonlarning baʼzilari 2400-yillik tarixga ega, – deydi yosh tadqiqotchi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi Ruslan Arziyev. – Mizdaxkon – Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy va eng yirik qabristonlardan biri. Qadim zamonlardan beri bu joy muqaddasligi va sirliligi bilan koʻplab ziyoratchilarni oʻziga jalb qilgan. Oxirgi dafnlar XIV asrga toʻgʻri keladi. Uning hududidagi Jumartqassab tepaligi, Mazlumxon Suluning yer osti maqbarasi va Shamun Nabi maqbarasi, Gyaurqalʼa, Yerejep Xalifa masjidi va Madaminxon maqbarasi va boshqa qabrlar festivalning xorijlik qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Foto: «Xalq soʻzi»

Tadbirda agroturizm, ekoturizm boʻyicha takliflar umumlashtirilib, fikr almashildi. Tomonlar oʻrtasida hamkorlik masalalari boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Faol ishtirokchilar tadbir tashkilotchilari hamda Xoʻjayli tuman hokimligining esdalik sovgʻalari va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda YUNESKOning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Sara Noshadi, AQSH, Janubiy Koreya, Irlandiya, Turkiya va boshqa davlatlardan ekolog hamda turizm boʻyicha ekspertlar ekologiya, atrof-muhit himoyachilari, Orolboʻyida turizmni rivojlantirish borasida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Festival doirasida chet eldan tashrif buyurgan mehmonlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi turizm boshqarmasi xodimlari hamrohligida Qoraqalpogʻiston hududidagi boshqa tarixiy qalʼalar va boshqa diqqatga sazovor joylarga ham tashrif buyurdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер