Masofaviy tibbiyot imkoniyatlari
Bugungi kunda raqamlashtirish jarayonlari sogʻliqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, aholiga qulaylik yaratish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va shaffoflikni taʼminlashda elektron tibbiy xizmatlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Andijon viloyatida ham elektron tibbiy karta tizimini joriy etish va shifokorlar bilan masofaviy muloqot qilish imkoniyatlari bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu oʻzgarishlar aholining kundalik hayotiga, bemorning vaqtiga, xotirjamligiga va shifokor bilan munosabatiga bevosita taʼsir qilyapti.
– Hozirda viloyatda 24 million aholining elektron tibbiy kartasini kiritish imkoniyatiga ega boʻlgan yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) joriy etildi, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi xodimi Mufazzalsho Muhamedov. – Ilgari javonlarda yillab toʻplanib qolgan tibbiy kartalar endi elektron maʼlumotlar bazasida saqlanmoqda. Bu nafaqat maʼlumotlarning yoʻqolib ketishining oldini oldi, balki ulardan tezkor va qulay foydalanish imkoniyatini ham yaratdi. Endi bemorlar uzoq masofadan turib ham tibbiy maslahat olishi, tahlil natijalarini bilishi, shifokor qabuliga elektron navbat orqali yozilishi mumkin. Bu esa, avvalo, bemorlarning vaqti tejalishiga, navbatlar kamayishiga xizmat qilmoqda.

Tibbiyot sohasidagi islohotlar shifokor bilan bemor oʻrtasidagi muloqotni ham ancha yengillashtirdi. Ilgari kasalxonada yotgan bemor tibbiyot xodimini chaqirish uchun uning xonasiga borishiga toʻgʻri kelardi. Hozir esa yotgan joyida maxsus tugmani bosish orqali hamshira yoki shifokorni chaqirish mumkin. Chaqiruv haqidagi maʼlumot tibbiyot xodimining qoʻlidagi qurilmaga darhol yetib boradi.
— Avvallari bir kishi kasal boʻlsa, ortidan butun oila sarson boʻlardi, — deydi bemor Sanobarxon Qahhorova. — Hozir esa uyda turib navbat olish mumkin. Kasalxonadagi sharoitlar yaxshi: uch mahal issiq ovqat, doimiy issiq va sovuq suv mavjud. Eng muhimi, tibbiyot xodimlariga murojaat qilish ancha soddalashgan. Raqamlashtirish inson manfaatiga xizmat qilayotganini amalda his qilyapmiz.
Bugun Andijon viloyatida bemorlarni roʻyxatga olish, tibbiy karta yuritish, laboratoriya va diagnostika natijalarini olish, shifokorlar oʻrtasida maʼlumot almashish ishlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Ortiqcha qogʻozbozlikka chek qoʻyildi. Natijada shifokorlar asosiy vaqtini hujjat rasmiylashtirishga emas, bemor salomatligiga bagʻishlamoqda. Eng muhimi, bemor qaysi tibbiyot muassasasiga murojaat qilishidan qatʼiy nazar, uning tibbiy maʼlumotlari yagona tizimda aks etadi. Bu takroriy tekshiruvlar sonini kamaytiradi va davolash jarayonining uzluksizligini taʼminlaydi.

Tibbiyot infratuzilmasini mustahkamlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Oʻtgan yilda viloyatda 130 milliard soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Bu mablagʻ hisobidan shahar va tumanlardagi tibbiyot muassasalari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlandi. Shuningdek, 1 milliard soʻmlik 1077 dona zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari olib kelindi. Natijada ilgari faqat yirik markazlarda amalga oshirilgan yuqori texnologik, murakkab jarrohlik amaliyotlarini viloyatning oʻzida bajarish imkoniyati yaratildi.
Andijon viloyatida tibbiyot sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish jarayonlari inson manfaatiga xizmat qilib, sogʻliqni saqlash tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring