Mashhur yozuvchi va shoirlarning kambagʻallikda kechgan hayoti haqida bilasizmi?

Jahon adabiyotining durdonalarini yaratgan, asarlari nafaqat oʻz davri, balki barcha zamonlarda ham katta munozara va qiziqishlarga sabab boʻlgan, adabiyot va soʻz olamining zargarlari sanalgan ijodkorlarning umri qashshoqlikda oʻtgani yohud hech vaqosi qolmay vafot etgani achchiq haqiqat.
Barchamiz uchun sevimliga aylanib ulgurgan Aleksandr Dyuma, Edgar Allan Po, Mark Tven, Tolstoy va boshqalarning hayoti bunga yaqqol misoldir.
Oʻzini qashshoqlik bagʻriga tashlagan Tolstoy
Yozuvchi tanlagan kambagʻal hayot aslida uning oʻz istagi edi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Lev Nikolayevich Tolstoy badavlat oilaning farzandi boʻlishiga qaramay oʻqishni tamomlagach kambagʻal qishloq aholisi safiga qoʻshiladi. Chunki, rus qishloqlarining kambagʻal, umidsiz, ayanchli ahvoli uni tashvishga solardi.
Yozuvchi oilasidan meros qolgan barcha yerlarni nochorlarga taqsimlab beradi, qimmatbaho buyumlarini sotib pulini muhtojlarga hadya qiladi. Hatto asarlari uchun topshirilgan mukofotdan ham bosh tortib, oddiy qishloq odami boʻlib yashashni tanlaydi.
«Anna Karenina», “Urush va tinchlik” kabi bir qator buyuk asarlar muallifi hamma narsasini tarqatib boʻlgach, kambagʻallik domiga tushib qoladi, oʻzi kiyim-kechak, poyabzal tikadi. Shu barobarda yozadi, uy yumushlarini ham oʻzi bajaradi. Biroq, ijodkorning asl qashshoqligi sababi muvaffaqiyatsiz nikohida edi...
Uyini ham muhtojlarga sovgʻa qilib, darbadarlikka otlangan yozuvchining Ostapov vokzalidan topilgan jasadidan kelajak uchun barcha davrlarning eng mashhur asarlari qoldi...
“Xudoyim, bechora ruhimga madad ber!”
Oʻziga xos sheʼrlari hamda gʻaroyib hikoyalari bilan Amerika adabiyotining mashhur yozariga aylangan Edgar Allan Po oʻta qimorboz va piyonista sifatida ham tanilgan edi.
Ichishga sharob topolmay tibbiy spirt ichishga majbur boʻlgan yozuvchi boshqa maslakdoshlari singari tirikligida biror asarining rohatini koʻrmaydi. Oʻz asarlarini bir burda non va bir tovoq ovqatga almashgan Po oʻn yil davomida yozgan «Ligeya» romanini ham bor-yoʻgʻi 10 dollarga pullaydi. Jami 3 dollarlik ijara haqini ham toʻlay olmagan yozuvchining hayoti achinarli ekani koʻpchilikka maʼlum boʻlmasa kerak. Yozuvchi hatto ochlik va sil kasalligidan vafot etgan rafiqasi Virjiniyani dafn etishga ham pul topa olmaydi.
Qoʻshnilari keltirgan ovqatlar orqali jon saqlayotgan Po toʻrt kunlik xastalikdan soʻng 40 yoshida dunyodan koʻz yumadi. Yozuvchidan bizga betakror asarlar va quyidagicha soʻnggi soʻz qolgan: “Xudoyim, bechora ruhimga madad ber!”
Oʻlimidan soʻng uning bor-yoʻgʻi 8 sahifalik qoʻlyozmasi 10 ming dollarga sotiladi.
Qashshoqlikda yakun topgan umr...
Butun dunyo boʻyicha eng koʻp sotilgan tarixiy romanlar muallifi hisoblangan Aleksandr Dyumaning 200 ming sahifalik roman, drama hamda tarixiy kitoblarining umumiy qiymati 5 million dollarni tashkil etadi. Bu koʻrsatkichga u bilan bir davrda yashagan birorta ijodkor erisha olmagan.
Biroq yozuvchining yaxshi hayot tarziga boʻlgan qiziqishi achinarli yakunga olib keladi. Umrining soʻnggi yillarini qashshoqlikda oʻtkazgan Dyuma oʻz tarjimayi holida uni ochlikdan oʻlishga yoʻl qoʻymagan hamda qarzlarini toʻlagan yaqinlariga minnatdorlik bildiradi.
U butun umrini qarzdorlikda yashagan...
«Tom Soyerning sarguzashtlari» va «Geklberri Finning sarguzashtlari» nomli mashhur bolalar romanlari muallifi Mark Tven oʻz ijodi orqali Amerikaning eng mashhur yozuvchilaridan biriga aylangan.
Umri davomida pul topish ilinjida turli ishlarga sarmoya kiritgan Mark Tven hamisha muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Jumladan, 1885-yilda tashkil etilgan nashriyoti bankrot boʻladi, 58 yoshida boʻynigacha qarzga botadi.
5 yil davomida kitob yozib, Avstraliyadan Hindistongacha, Janubiy Afrikadan Angliyagacha boʻlgan koʻplab mamlakatlarda anjumanlar oʻtkazib, qarzlarini toʻlaydi.
Rafiqasi Oliviya kambagʻallikka chidolmaydi, sogʻligʻi yomonlashdi va Florensiyada vafot etadi.
Yozuvchi esa olti yildan keyin 75 yoshida dunyodan oʻtgan.
Qamoqxonada topilgan ayanchli oʻlim...
Oskar Uayld sud jarayonida axloqsizlikda ayblanishi tufayli butun hayoti barbod boʻladi. Ichkilikka berilgan yozuvchining kasalligi ogʻirlashadi, qamoqda oʻtkan kunlar esa dard ustiga chipqon boʻladi.
Chidab boʻlmas azoblar iskanjasida qolgan Oskar Uayld 1890-yil 30-noyabrda vafot etadi. Yillar oʻtib xoki Fransiyadagi mashhur Per-Lashes qabristoniga koʻchiriladi.
Choʻntagida 28 tiyin chaqa bilan koʻz yumadi
Mashhur turk shoiri Oʻrxon Veli oʻz hayotini qisqacha sharhlaydi:
«Men 1914-yilda tugʻildim. 1 yoshimda qurbaqadan qoʻrqdim. 9 yoshimda kitob oʻqishga, 10 yoshimda esa yozishga qiziqib qoldim. 13 yoshimda Oʻqtoy Rifatni, 14 yoshimda esa Malik Jovitni tanidim. 17 yoshimda qovoqxonaga yoʻl oldim. 19 yoshimda esa darbadarlik hayot kecha boshladim. 20 yoshdan keyin esa pul topish va qashshoqlikda yashashni oʻrgandim. 25 yoshimda avtohalokatga uchradim. Sevib qoldim. Biroq uylanmadim. Hozir esa askarman...»
Shoir ovqatlanayotganda birdan polga yiqiladi, miyasiga qon quyilishi oqibatida jon beradi... U oʻsha kunlarda ichkilikbozlikdan davolanayotgandi.
Oʻsha kechadayoq jon bergan shoir bor-yoʻgʻi 36 yoshda edi. Dunyo bilan vidolasharkan yuragida sevgan ayoli, choʻntagida esa 28 tiyin chaqasi bor edi xolos...
Toʻplovchi va tarjimon: Rahmat Bobojon
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring