Toshkentda yashovchi 10 mingdan ortiq aholi virusli gepatit S ga qarshi skrining va instrumental tekshiruvdan oʻtkaziladi — SSV

16:11 22 Oktyabr 2021 Jamiyat
784 0

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻining oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov aytib oʻtdi.

— Hozirgi kunda birgina Toshkent shahrida surunkali virusli gepatit S bilan kasallangan 350 ming nafardan ziyod bemorlar dispanser roʻyxatda turar ekan. Bu xastalik aholi oʻrtasida keng tarqalmasligi uchun nimalar koʻzda tutilgan?

— Dunyo tajribasidan kelib chiqib aytsak, hozirgi kunda bunday bemorlarni toʻliq davolash imkoniyati bor. Ushbu masalani bugun hal etmasak, kasallanganlar orasida jigar sirrozi va raki kabi ogʻir asoratlar rivojlanishi ehtimoli mavjud. Jigar transplantatsiyasi tibbiyotimiz amaliyotida yaqin yillardan beri qoʻllanilayotganini eʼtiborga olsak, mazkur muolajaga muhtoj aholi sonining ortib ketishi qoʻshimcha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shunday ekan, ana shu masala boʻyicha alohida dastur ishlab chiqib, 2022-2023-yillarda dastlabki bosqichda Toshkent shahrida, 2025-yilga qadar respublikaning boshqa hududlarida amaliy harakatlar olib borilishi rejalashtirilgan.

Poytaxtimizdagi xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami orasida (tibbiyot xodimlari, donorlar, homiladorlar, nikohlanuvchilar) skrining va instrumental tekshiruvlar oʻtkaziladi. Soʻng surunkali virusli gepatit S bilan kasallangan bemorlar soni aniqlanib, ularni sogʻlomlashtirishning muddati hamda bosqichlari belgilanadi.

Ushbu tadbirlarning maqsadli oʻtkazilishi natijasida bemorlar sogʻlom hayotga qaytib, ogʻir asoratlarning oldi olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?