“Marshrutlar uzaysa, kutish vaqti koʻpayadi”, deb aholi xavotirga tushmasin — Prezident

16:15 09 Iyul 2025 Siyosat
170 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekistondagi jamoat transporti tizimi aholini rozi qiladigan darajada yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Shaharlararo avtobuslar grafik boʻyicha emas, balki yoʻlovchilari 40-50 kishi boʻlib toʻlganda yurishga oʻrgangan. Chunki tadbirkorlarga shaharlararo jamoat transportida zararni kompensatsiya qilish mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan. Subsidiya faqat shahar atrofidagi avtobuslar uchun bor.

Prezident endilikda oʻrta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish boʻyicha yangi tizim joriy qilinishini aytdi.

Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlararo qatnov boʻyicha alohida yondashuv boʻladi.

Poytaxtga kuniga 1 million odam tashrif buyursa, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan keladi.

Shu bois poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga oʻtib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi.

Buning uchun, Toshkent xalqa yoʻligacha kelayotgan 20 ta avtobus yoʻnalishi 15-20 kilometrga uzaytiriladi, yana yangi 6 ta marshrut qoʻshiladi. Bu Toshkent viloyati aholisi uchun katta qulaylik boʻladi.

“Marshrutlar uzaysa, kutish vaqti koʻpayadi”, deb aholi xavotirga tushmasin. Sentyabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelamiz», dedi davlatimiz rahbari.

Yangi tizimni poytaxt va Toshkent viloyati uchun 1-sentyabrdan, yirik shaharlarda esa kelasi yili 1-yanvardan joriy qilish topshirildi.

Shaharlar va viloyatlararo jamoat transporti qatnovlarini jonlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Bu yoʻnalishdagi avtobus va mikroavtobuslar uchun yoʻlovchi boshiga subsidiya beriladi.

Avtobuslar uchun utilizatsiya yigʻimidan imtiyoz yana uch yilga uzaytiriladi va mikroavtobuslarga ham joriy qilinadi.

Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan imtiyoz uch yil davomida jamoat transporti uchun ham qoʻllanadi.

Bunda, tadbirkorlarga 2 ta shart qoʻyiladi – harakat grafigiga qatʼiy amal qilish hamda elektron toʻlov tizimiga oʻtib, tushumlarni shaffof koʻrsatib borish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер