Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarini barqaror boshqarish boʻyicha qiymati 18,4 million AQSH dollari boʻlgan tashabbuslar ishga tushirildi
Markaziy Osiyoda suv va yer resurslariga ortib borayotgan bosim, iqlim oʻzgarishi taʼsirining kuchayishi, yerlarning degradatsiyasi va qurgʻoqchilik kabi dolzarb masalalarga javoban yangi yirik ekologik tashabbus amalga oshirilmoqda.
Global Ekologik Jamgʻarma (GEJ) tomonidan moliyalashtiriladigan va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladigan “Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarining oʻzaro bogʻliqligi” (CAWLN) dasturi Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) tomonlar konferensiyasining (COP20) 20-yigʻilishi doirasida rasmiy ravishda ishga tushirildi.
Dastur doirasida Markaziy Osiyo uchun umumiy qiymati 18,4 million AQSH dollari miqdoridagi loyihalar amalga oshiriladi. CAWLN dasturi Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston kabi mamlakatlar duch kelayotgan umumiy ekologik chaqiriqlarga yechim topishga qaratilgan. Mintaqa yirik daryo havzalari, botqoqliklar, dashtlar, yarim choʻl va togʻ ekotizimlari kabi qimmatli tabiiy hududlarga boy boʻlishiga qaramay, antropogen bosim, resurslar uchun raqobat, iqlim oʻzgarishi hamda yerlarning degradatsiyasi keskin kuchayib bormoqda.
Tadbir davomida CAWLN dasturining ilmiy asoslangan, uygʻunlashtirilgan va integratsiyalashgan yondashuvlarga asoslangan loyihalari taqdim etildi. Ular suv va yer resurslarini barqaror boshqarish, oʻrmonlarning qisqarishini oldini olish, qishloq xoʻjaligida chidamlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash hamda iqlim oʻzgarishiga moslashuvni kuchaytirishni nazarda tutadi.
“CAWLN doirasidagi loyihalar FAO va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasidagi uzoq muddatli va samarali hamkorlikning mantiqiy davomidir. Tashabbus Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi. Bizning umumiy vazifamiz – suv va yer resurslaridan oqilona foydalanishni kuchaytirish, ekologik muvozanatni tiklash, bioxilma-xillikni saqlash va qishloq hududlarida farovon hayot uchun barqaror poydevor yaratishdir”, – deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov.
Markaziy Osiyo Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Panj va Norin kabi yirik daryolar havzalari, togʻ va yaylov ekotizimlari, choʻl va yarim choʻl landshaftlari bilan ekologik jihatdan noyob hudud hisoblanadi. Biroq, resurslarga talabning ortishi, aholining koʻpayishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv tanqisligining kuchayishi va iqlim oʻzgarishini tezlashib borishi ekologik barqarorlikni jiddiy xavf ostiga qoʻymoqda. Bugungi kunda mintaqa yerlarining qariyb yarmi degradatsiya holatida boʻlib, iqtisodiy zarar yiliga 6 milliard AQSH dollarigacha yetmoqda. Suv resurslarining cheklanganligi esa qishloq xoʻjaligi, energetika, ichimlik suvi taʼminoti va ekotizimlarning barqarorligiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda.
Ana shunday murakkab sharoitda CAWLN dasturi Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarini ilmiy asoslangan, integratsiyalashgan va mintaqaviy yondashuv orqali boshqarishni takomillashtirish, erta ogohlantirish tizimlarini kuchaytirish, ekotizimlarni tiklash va iqlimga chidamlilikni oshirishni maqsad qiladi. GEJ tomonidan moliyalashtiriladigan yetti yirik loyiha uygʻunlashtirilayotgan ushbu dasturda Oʻzbekiston toʻrt muhim loyihada faol ishtirok etadi.
Loyihalarning birinchisi Amudaryo, Zarafshon va Panj havzalarida integratsiyalashgan suv boshqaruvini kuchaytirish boʻlib, bu yoʻnalishga 5,84 million AQSH dollari ajratilgan. Loyiha daryo havzalarida suv resurslarini barqaror boshqarish tamoyillarini joriy etish, monitoring va maʼlumot almashinuvini modernizatsiya qilish, ekologik oqimlarni saqlab qolish hamda transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.
Ikkinchi loyiha – Sirdaryo va Norin havzalarida suv boshqaruvini takomillashtirish, bu yoʻnalish uchun 5 million AQSH dollari mablagʻ ajratilgan. Loyiha suv taqsimoti samaradorligini oshirish, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish, suv sifatini nazorat qilish mexanizmlarini yangilash va davlatlararo muvofiqlashtirishni kuchaytirishga qaratilgan.
Uchinchi loyiha – Oʻzbekistonda integratsiyalashgan yer va suv boshqaruvi orqali ekotizim xizmatlari va bioxilma-xillikni qoʻllab-quvvatlash loyihasi hisoblanib, umumiy qiymati 5,6 million AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur loyiha degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, agroekologik yondashuvlarni kengaytirish, noyob oʻsimlik navlari va agro-bioxilma-xillikni asrash, ekotizim xizmatlarini mustahkamlash va mahalliy aholining farovonligini oshirishni maqsad qiladi.
Toʻrtinchi loyiha Markaziy Osiyoning moʻrt ekotizimlarida yer degradatsiyasini kamaytirishga qaratilgan mintaqaviy loyiha boʻlib, bu yoʻnalish uchun 2 million AQSH dollari ajratilgan. Loyiha choʻllanish xavfi yuqori hududlarda yerlarni tiklash, barqaror yer boshqaruvi amaliyotlarini joriy etish, monitoringni kuchaytirish va mahalliy hamjamiyatlarning iqlimga chidamliligini oshirishni oʻz ichiga oladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring