Markaziy bankka kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid qoʻshimcha vakolatlar beriladi

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi munosabati bilan kredit tashkilotlari va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlashga doir choralar darajasini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonunga asosan kredit va toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari tomonidan xavfsizlik va kiberxavfsizlik tahdidlarni aniqlash hamda ularning oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha Markaziy bankka qoʻshimcha vakolatlari belgilanmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, “Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Bank siri toʻgʻrisida”gi, “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid meʼyorlar kiritilmoqda.
Qonun bilan bank axborot tizimlarida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qonunchilik talablarining buzilganligi holati qoʻpol qoidabuzarliklar qatoriga kiritilmoqda.
Bundan tashqari, banklarning axborot tizimlari va resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini taʼminlash va bank sirini muhofaza qilish kabi qoʻshimcha maqsadlar Qonunda aks ettirilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi kredit va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida hamda elektron hukumat tizimida axborot xavfsizligini kuchaytirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring