Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

11:03 11 Sentyabr 2025 Iqtisodiyot
101 0

Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 11-sentyabrdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi. Bu haqida regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi yuqori surʼatlarining narxlarga oshiruvchi taʼsirlari davom etgan. Shu bilan birga, oʻtgan yilgi baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflyatsiya pasaya boshlagan. Boshqaruv inflyatsion jarayonlarning sekinlashishi va bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyasida davom etishini taʼminlash maqsadida asosiy stavka oʻzgarishsiz – 14 foiz darajasida saqlab qolingan.

Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyulga nisbatan biroz pasayib, yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etgan. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishining sekinlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha pasaygan.

Shuningdek, yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi sharoitida energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlari xizmatlar inflyatsiyasining yuqori shakllanishida namoyon boʻlmoqda.

Soʻnggi oylarda mavsumiy omillar hamda almashuv kursining barqarorlashuvi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan boʻlsada, mazkur kutilmalar umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori boʻlib qolmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, 2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsish 7,2 foizgacha tezlashgan. Bunda, xizmatlar sohasining yuqori surʼatlari bilan birga sanoat, qurilish va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida ham sezilarli oʻsish qayd etilgan.

Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining barqaror oʻsishi, iqtisodiyotda kreditlash surʼatlarining jadallashuvi, byudjet xarajatlarining oʻsishi hamda investitsion faollikning yuqori boʻlishi yalpi talabni faol ragʻbatlantiruvchi omillardan boʻlmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro savdodagi cheklovlar va oʻzaro aloqalarga kiritilgan oʻzgarishlar tufayli global inflyatsiyaning pasayishi kutilganidan sekin kechayotgani, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshayotganligi hamda asosiy savdo hamkor davlatlardagi inflyatsiya darajasining target koʻrsatkichlaridan yuqori shakllanganligi kelgusida import inflyatsiyasining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu sharoitlarda joriy yil yakunida inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimni kamaytirish va oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani joriy 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.

“Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilishi iqtisodiyotda jamgʻarish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash surʼatlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning taʼsirini kamaytiradi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda umumiy inflyatsiyani barqaror pasayish trayektoriyasiga oʻtishi maʼlum vaqt talab etadi. Narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi oylarda kutilganidan koʻra kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Maʼlumot uchun, asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 23-oktyabr kuniga belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер