Margʻilon shahrida ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi qurilishiga kirishildi

14:21 24 Mart 2025 Jamiyat
129 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda Navroʻz bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda Fargʻona viloyati faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ipakchilar shahri – Margʻilonda Burhoniddin Margʻinoniy nomi bilan ataladigan ilmiy-amaliy va turizm majmuasini bunyod etish ishlari boshlandi.

Ezgu tashabbusga koʻra, majmuaga uygʻun holda “yashil jamoat parki” ham barpo etiladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov qatnashib, oʻtgan yilning 11-12-iyul kunlari davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi chogʻida bergan topshirigʻi asosida bu borada zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari boʻyicha mukammal loyiha ishlab chiqilganligini taʼkidladi. Loyiha tayyorlanishi jarayonida majmuada Margʻilon shahrining koʻhna tarixi, ilm-fani, madaniyati hamda bugungi taraqqiyot mezonlari oʻzaro uygʻunlashtirilgani aytib oʻtildi.

— Yaqin istiqbolda ushbu majmua viloyatimizning oʻziga xos ilmiy-maʼrifiy hamda turizm markaziga aylanishiga ishonamiz, — deydi Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Muhammadjon Mirzayev. — Maʼlum boʻlishicha, bu yerda nafaqat Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy merosi abadiylashtiriladi, shu bilan birga Fargʻona viloyati tarixida ilm-fan, adabiyot, sanʼat va madaniyat yoʻnalishida oʻchmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimiz siymosi aks etadigan xiyobonlar barpo etiladi.

Hunarmandchilik va turizm markazi qad rostlaydi. Oʻz navbatida mehmonxonalar, savdo markazlari, musiqali favvoralar majmuasi qurib bitkaziladi. Shu tariqa tashrif buyuruvchilar Fargʻona tarixini oʻrganish bilan birga turizm majmuasida dam olish, hunarmandlar tomonidan yaratilgan mahsulotlarni koʻrish hamda mazkur jarayonda bevosita qatnashish imkoniga ega boʻladi.

Aytish joiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida majmua hududida “yashil jamoat parki” tashkil etish hamda bir million tupga yaqin manzarali daraxtlar ekish rejalashtirilgan. Tadbir davomida chinor, kashtan, yapon soforasi, eldar qaragʻayi, birgin archasi hamda oq qaragʻay kabi daraxt koʻchatlari ekildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер