Manzilli yordam manzilga yetdi
Qish-qirovli kunlarni oʻylaganida Buxoro tumanidagi “Dexcha” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Nafisa Rahmatova oʻyga toladi. Mabodo, yaqinlaridan kimdir kelgudek boʻlsa, mehmon kutadigan uyning sovuqligini oʻylab xavotirga tushadi. Uni isitay desa, kommunal toʻlov masalasida qoʻli kalta.
Yaqinda ogʻir xastalikka chalingan, nogironligi boʻlgan bu yurtdoshimizning tashvishi yengillashdi. Oilasiga isitish mavsumida gaz va elektr energiyasi toʻlovlarini qoplash uchun 1 million soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratildi.
— Bu yumush Prezidentimizning “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori doirasida bajarildi, — deydi mazkur mahalla ijtimoiy xodimi Nozima Olimova. — Qarorda 2025-2026-yil isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamiga bir million soʻmdan bir martalik yordam ajratish belgilangan. Ushbu mavsumda hududimizdagi 106 ta ehtiyojmand, shuningdek, kambagʻallikka tushish xavfi yuqori boʻlgan qator oilalarga xuddi shunday koʻmak berildi. Manzilli yordam manziliga yetganidan mahalla “yettiligi” ham xursand.
Nafisa Rahmatovaga kelsak, u joriy yilda “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan. Ayolning hayotini yaxshilash uchun davlat, mahalla va homiylarning koʻmagi bilan bir qator ishlar amalga oshirildi. Chunonchi, bola nafaqasini rasmiylashtirishda koʻmaklashildi, dori-darmon xarajatlari uchun homiylar tomonidan moddiy yordam berildi, koʻkrak protezi topshirildi. Onkologiya dispanserida davolanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, homiylik asosida tikuv mashinkasi va “Averlo” uskunasi olib berildi. Natijada ayol uyida tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Taʼkidlanganidek, kommunal toʻlov masalasida ham yordam berilgani doimiy davolanishga muhtoj bu hamyurtimiz uchun ayni muddao boʻldi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring