Manbashunos olim Ubaydulla Uvatov davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlandi

-
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatovning 80 yoshlik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Olimning qutlugʻ yoshga toʻlishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz davlat va jamoat arboblari, ilm-fan hamda madaniyat va sanʼat namoyandalari, U.Uvatovning yaqinlari, shogirdlari va talabarlar ishtirok etdi.
Tadbirning kirish qismida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Ubaydulla Uvatovning hayoti va ilmiy-pedagogik faoliyati, amalga oshirgan ilmiy tadqiqotlari haqida umumiy maʼlumot berildi.
Shundan soʻng Prezidentning Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Sobirovich Qosimov olimning ibratli hayot yoʻli va u yaratgan manbashunoslik ilmiy maktabi xususida soʻz yuritib, ustozni muborak yoshi bilan samimiy qutladi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Murodovich Uvatovni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmoni qabul qilinganini tantanali eʼlon qildi.
Mamlakatimizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, buyuk alloma va mutafakkirlarimiz ilmiy merosini tadqiq etish hamda xalqaro miqyosida keng targʻib etish borasidagi koʻp yillik samarli mehnati, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, milliy anʼana va qadriyatlarimizni mustahkamlash ishiga qoʻshgan alohida hissasi, chuqur bilim va yuksak salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat va ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ibratli faoliyati hamda qutlugʻ tavalludining 80 yilligi munosabati bilan taqdirlash haqidagi Farmon oʻqib eshittirildi.
Yurtboshimiz tomonidan ilm-fan, madaniyat va maʼrifat ahliga koʻrsatilayotgan hurmatning yana bir yaqqol namunasi boʻlgan ushbu farmon barcha ziyolilar koʻnglini koʻtarib, yoshlarning ilm-maʼrifatga oshno boʻlishlariga quvvat bagʻishladi.
Olimning davlatimiz yuksak mukofotiga sazovor boʻlgani va qutlugʻ yoshi bilan Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi rahbarlari, shuningdek, koʻzga koʻringan olimlar, davlat va jamoat arboblari, yubilyarning yaqinlari va doʻstlari soʻzga chiqib, uning boy hayotiy tajribasi, qimmatli ilmiy tadqiqotlari, yoshlar kamolotiga qoʻshayotgan ulkan hissasini eʼtirof etgan holda, muborakbod etdilar.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan Ubaydulla Uvatov hayoti va ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan hujjatli film namoyishi ham olimning hayot yoʻli va ilmiy faoliyati xususida talabalarga muhim maʼlumotlar bergani bilan ahamiyatli boʻldi.
Muborak hadisi shariflarda “Al-uʻlamau varisatu-l-anbiyo”, yaʼni, “Olimlar Paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir”, deb taʼkidlangan. Buni gʻazal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiy hazratlari ham quyidagicha nazmga solgani maʼlum:
Kishikim qilsa olimlarga taʼzim,
Andoqki qilur Paygʻambarga taʼzim.
Darhaqiqat, olim, ustoz-murabbiylarni ulugʻlash va eʼzozlash kishini kamolotga, baxt va yorugʻ istiqbolga eltishi shubhasiz. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Ubaydulla Uvatov ham olim, ham ustoz va murabbiy sifatida ana shunday hurmatga musharrafdir.
Ilmiy-maʼrifiy ruhda oʻtgan tadbir soʻngida respublikamizdagi ilm-maʼrifat hamda ijodiy tashkilotlar, nufuzli oliy taʼlim muassasalarida ham taniqli manbashunos olim, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Ubaydulla Uvatovning hayoti va ilmiy-pedagogik faoliyatiga bagʻishlangan tadbirlarni davom ettirish taklifi bildirildi.
UBAYDULLA UVATOV 1940-yil 23-fevralda Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida tavallud topgan.
Ona Vatanimiz tarix va uning dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan ulugʻ allomalari maʼnaviy merosini tadqiq etib, manbashunoslik fanlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olim, ajdodlarimiz merosini keng targʻib etish, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish yoʻlida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Ubaydulla Uvatov yurtimiz allomalari ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan 200dan ortiq maqola, 50ga yaqin kitob va risolalar nashr ettirgan va koʻplab shogirdlar tayyorlagan.
Olimning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib qadrlanib, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
U.Uvatov 2017-yildan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga rahbarlik qilib kelmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring