“Ma’naviyat va madaniyat departamenti” yangicha ruh va zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Bugun, 6-dekabr kuni poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududida yangitdan bunyod etilgan Mudofaa vazirligi “Ma’naviyat va madaniyat departamenti” binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Mudofaa va Madaniyat vazirligi rahbariyati, turli idora va jamoat tashkilotlari mas’ullari, ijod ahli va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab yangi bino va unda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, vazirlikning ijodiy muassasalari va axborot xizmatida olib borilayotgan ishlar, “Turon” harbiy teatri, “Armiya studiyasi” paviloni imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi.
Mazkur inshoot 4 qavatdan iborat bo‘lib, uning 1- va 2-qavatida vazirlik Ma’naviyat va madaniyat departamenti, 3—4-qavatida esa Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti faoliyat olib boradi.
Departament mutlaq yangi tarkibiy-shtat tuzilishida tashkil etilib, unga Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, Alohida ko‘rgazmali-namunali harbiy orkestr, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, “Turon” harbiy teatri biriktirildi. Shuningdek, joylardagi 5 ta garnizon Ma’naviyat va ma’rifat markazlari, 16 ta harbiy orkestr hamda 56 ta harbiy qism Madaniyat markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish ham departament zimmasiga yuklatildi.
Zamonaviy talab va format asosida ishga tushgan muassasada 277 o‘ringa mo‘ljallangan katta anjumanlar zali, teatr xonalari, ansamblning vokal, xor, balet va sozandalar guruhlari uchun alohida repetitsiya xonalari hamda ovoz yozish studiyasi barpo etilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Universal anjumanlar zalida nafaqat anjumanlar, balki ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, jonli ijrodagi konsert dasturlari, teatr tomoshalari namoyish etish, hatto kinozal sifatida foydalanish uchun ham barcha zaruriy sharoitlar yaratildi.
Binoning 3- va 4-qavatida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti joylashgan bo‘lib, u mudofaa sohasidagi islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish, vazirlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda armiya hayotiga oid ma’lumotlarni aholiga tezkor ravishda yetkazib boradi.
Departament Axborot-media va “Vatanparvar” birlashgan tahririyati boshqarmalari, Elektron ommaviy axborot vositalari va Web-resurslar bilan ishlash hamda faoliyatni ta’minlash bo‘lim va bo‘linmalarini o‘z ichiga oladi.
Bugungi kunda Departament tomonidan davlat va nodavlat telekanallari bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi “O‘zbekiston armiyasi”, “Vatanparvar”, “Armiya sporti”, “Men harbiy bo‘laman” ko‘rsatuvlari, informatsion dasturlar uchun xabar va lavhalar, shuningdek, buyuk ajdodlar va milliy qahramonlarimizni madh etuvchi videomateriallar doimiy ravishda tayyorlab kelinmoqda.
Shu bilan birga, Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, tizimdagi yangilik va xabarlar tezkor tayyorlanib, rasmiy web-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilmoqda. Faoliyatning ochiqligini ta’minlash va sohadagi axborotlarni keng ommaga targ‘ib qilish maqsadida respublika axborot agentliklari, elektron nashrlar va blogerlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgan.
Ayni paytda departament faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida telekanallar va maxsus loyihalar bilan ishlash xonalari, ovoz yozish va 7 ta telemontaj xonalari hamda 300 kv.metrga ega bo‘lgan “Armiya studiyasi” paviloni o‘z faoliyatini muntazam davom ettirmoqda. Milliy armiyamizning shonli tarixini aks ettirayotgan “Vatanparvar” gazetasi tahririyati ham ushbu binoda yuqori qulayliklar asosida ish olib bormoqda.
Tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlangan yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida “Harbiy xizmatchilarda yuksak vatanparvarlik, yurtga fidoyilik sifatlarini yuksaltirishda madaniyat va san’atning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bilan davom etdi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng, sohaga bevosita aloqador tashkilotlar rahbarlarining “Vatan himoyachilarining jangovar va milliy ruhini oshirishda madaniyat va san’atning o‘rni”, “Yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, Vatan taqdiriga daxldorlik hissini yuksaltirishda teatrning roli”, “Harbiy jadidlar xotirasi barhayot” kabi bir qator mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Shundan so‘ng xalq va armiya birdamligini ta’minlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda vazirlik qo‘shinlarida ma’naviy va ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan davlat va jamoat tashkilotlarining bir guruh vakillari Mudofaa vazirligining esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.
Tadbirning badiiy qismi Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, Mudofaa vazirligi “Impuls” harbiy ansambli xonandalari va xor jamoasi, shuningdek, vazirlikning Alohida ko‘rgazmali-namunali harbiy orkestri ijrosidagi konsert dasturlari, Mudofaa vazirligi “Turon” davlat harbiy teatri tomonidan sahnalashtirilgan kompozitsiya namoyishlari bilan davom etdi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining tegishli qarori bilan “Ma’naviyat va madaniyat departamenti”ning tashkil etilishi chin ma’noda Mudofaa vazirligi tizimida avval tarqoq bo‘lgan madaniyat va san’at yo‘nalishlari faoliyatni muvofiqlashtirib, ularni aniq maqsad yo‘lida birlashtirdi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring