Ma’muriy jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lmasligi belgilanmoqda

11:52 22 Iyun 2023 Siyosat
1368 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida «Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish mexanizmlari yanada takomillashtirilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish maqsadida ijro jarayonlarini amalga oshirishda aholiga keng qulayliklar yaratilmoqda.

Amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, ijro hujjatlarini ijrosini ta’minlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi, ushbu sohada tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.

Xususan, ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi, ushbu jarimaning miqdori esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Senatorlar, agar qarzdor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik summasi jarimaning eng kam miqdoridan ham kam bo‘lgan bo‘lsada, qarzdorlikka nisbatan yuqori miqdordagi jarima tayinlanishi ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga, bu esa qarzdorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligiga hamda mazkur holat tabiiy ravishda fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligiga alohida e’tibor qaratdilar.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, bu bartaraf etilmoqda.

Xususan, qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga endilikda O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga, ijro hujjatini ijro etmaganligi uchun qarzdorga nisbatan adolatli jarima tayinlanishiga, Majburiy ijro byurosi tizimida suiiste’molchiliklarning hamda korrupsion holatlarning oldi olinishiga, shuningdek, nazorat kuchaytirilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер