Maʼmuriy islohotlar — natijadorlikka yoʻnaltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvini yaratishning asosi

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohada faol islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning eng muhimi, shubhasiz, davlat boshqaruvi bilan bogʻliq maʼmuriy islohotlar hisoblanadi.
Xoʻsh, maʼmuriy islohotlarning ahamiyati nimada?
Oʻzbekistonda maʼmuriy islohotlarning yangi bosqichi 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinishi bilan bogʻliq. Unga koʻra, davlat boshqaruv tizimini isloh qilish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Keyinchalik qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam boʻldi va mohiyatiga koʻra, Oʻzbekistonning davlat va jamiyat qurilishida yangi sahifani ochib berdi. Mazkur konsepsiyada davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning oltita asosiy yoʻnalishi belgilab berildi.
Konsepsiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, soʻzsiz, innovatsion rivojlanishning zamonaviy tendensiyalari hamda jahon standartlarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilishda oʻzining salmoqli hissasini qoʻshdi.
Jumladan, davlat organlarining sohaga oid boʻlmagan vazifalarini qisqartirish hamda ularning faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali mazkur organlar tuzilmasi oʻrtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida
40 ta rahbar oʻrinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.
Biroq maʼmuriy islohotlarni izchil davom ettirish yoʻlida oʻz yechimini kutayotgan masalalarni toʻliq hal etishga hamon ehtiyoj mavjud edi. Shundan kelib chiqqan holda, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish maqsadida Prezidentimizning “2022 — 2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.
Mazkur farmoyishga muvofiq, 2022 — 2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi va tegishli ishchi guruhlar tomonidan maʼmuriy islohotlarni amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlarining faoliyati oʻzaro kelishilgan tarzda, samarali olib borilishini, sustkashliklar va masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻymasligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Xususan, barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 ming funksiyalari xatlovdan oʻtkazilib, 500 ga yaqin takrorlanadigan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlanmagan funksiyalar aniqlandi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtishni taklif etganligini ushbu sohadagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin.
Shuningdek, ushbu muhim hujjatda ilgari eʼtibordan chetda qolib, “yoʻq boʻlib ketish” arafasida boʻlgan sohalarni “oyoqqa turgʻizish” maqsadida olti yil davomida yangi vazirlik va idoralar tashkil qilinganligini, endilikda “qoʻl boshqaruvi”dan — aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish vaqti kelganligini alohida taʼkidladi.
Darhaqiqat, davlat boshqaruvining markazlashib ketishi vazirlik va idoralar vakolatlarining bir-birini takrorlashi, agentliklarning haddan tashqari koʻpayib ketishi, ortiqcha byurokratiyaning kuchayishiga sabab boʻldi.
Prezidentimizning 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ushbu muammolarga oʻziga xos huquqiy yechim boʻldi, deyish mumkin. Xususan, mazkur farmonga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan, vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish belgilandi.
Boshqacha qilib aytganda, respublika davlat boshqaruvi organlari quyidagi tartibda isloh qilinmoqda: qayta tashkil etish, vazifa va funksiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazgan holda tugatish hamda tashkiliy boʻysunuvni oʻzgartirish. Mazkur chora-tadbirlar natijasida 1,5 trillion soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari iqtisod qilinishiga erishiladi va shtat birliklarini maqbullashtirish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar ijtimoiy masalalarni hal etishga yoʻnaltiriladi.
Davlat boshqaruvi apparatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarning maqbullashtirilishi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasi isloh qilinib, Bosh vazirning 4 nafargacha oʻrinbosarlari lavozimi hamda Bosh vazir kotibiyati tashkil etilmoqda. Bu, oʻz navbatida, zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani koʻrib chiqish jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.
Bu hali hammasi emas. Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham maʼmuriy islohotlarning huquqiy asosi sifatida qabul qilingan muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri boʻldi.
Mazkur qaror bilan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, unda bir qator muhim ahamiyatga ega boʻlgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar belgilandi.
Umuman olganda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etilayotganligi maʼmuriy islohotlar doirasida mamlakatimizda natijadorlikka yoʻnaltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish boʻyicha chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilayotganligini anglatadi.
Rustambek SAYIDOV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti masʼul xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring