Mamlakatimizda futbolni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari joriy etiladi

Foto: "Xalq so'zi"
Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni futbolga keng jalb etish, futbol sohasida xalqaro talablar va standartlar asosida iqtidorli o‘yinchilar tayyorlashning samarali tizimini yaratish, shuningdek milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish tizimini va futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sohada marketing va zamonaviy boshqaruv mexanizmlaridan samarali foydalanish maqsadida amaldagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini uzaytirish zarurati mavjud.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu Qonun bilan Soliq kodeksiga 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublariga barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz berilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari hamda sohani qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qator tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod etilmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb qilish orqali sohadagi mutaxassislar malakasini oshirib borish, shuningdek, xususiy professional futbol klublarini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi futbol klublari faoliyatini rivojlantirishga, terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etishga, mamlakatimizda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalarni, shu jumladan o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon hamda qit’a birinchiliklarini yuqori darajada tashkil etishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring