Mamlakat hayoti va taqdiriga daxldor masala
Foto: Botir Madiyorov / Xalq soʻzi
Maʼlumki, saylov xalq xohish-irodasini namoyon etishi barobarida davlatning xalqaro maydondagi imijini va obroʻ-eʼtiborini belgilaydigan muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. Uning umumeʼtirof etilgan demokratik mezonlarga mos tarzda oʻtkazilishi gʻoyatda ahamiyatlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 11-Fargʻona okrug saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Shukurjon Xolmatov ayni mavzuda quyidagilarni bayon etdi:
– Saylov – bu shunchaki nomzodlar ichidan bittasini tanlash yoki saylov uchastkasiga kelib, oʻzi munosib bilgan nomzodga ovoz berib ketishdan iborat emas. Agar taʼbir joiz boʻlsa, ushbu jarayonga bugungi tinch-osoyishta hayotimiz kafolati, ertangi kunimizni belgilovchi jiddiy tanlov sifatida qarash lozim.
Aytish kerakki, 2021-yilning 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonida amaliyotga bir qator yangiliklar joriy etildi. Xususan, barcha qonun va qonunosti hujjatlari birlashtirilib, yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Eng asosiysi, hamyurtlarimizning bu boradagi dunyoqarashi, munosabati oʻzgardi.
Ayni kunlarda nomzodlarning ishonchli vakillari, partiyalar faollari tomonidan olib borilayotgan targʻibot-tashviqot ishlarida ham bu yaqqol namoyon boʻlmoqda. Shu maʼnoda bugungi saylovchilarni oʻtgan davrdagilar bilan solishtirib boʻlmaydi. Ular oʻrtasida har bir dastur, ilgari surilayotgan taklif yoki tashabbusning nechogʻli asosli ekanligi, amalga oshirish imkoni bor-yoʻqligi jiddiy bahs-munozaralarni keltirib chiqaryapti. Saylovchilarimizning qiziqishi mahalliy doiradan chiqib, mamlakat miqyosida kengayib borayotgani quvonarlidir.
Xalqaro kuzatuvchilar qatorida mahalliy saylovchilarimizning tiyrak nigohi barchamizni yanada masʼuliyat bilan bilan ishlashga undayapti. Amaldagi qonunchilik meʼyoriga koʻra, endilikda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan (MFY) mahalliy kuzatuvchi sifatida saylovda ishtirok etish mumkin. Avval bunday imkoniyat yoʻq edi. Saylovda mahalliy kuzatuvchilarning ishtirok etishi ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari saylov komissiyasi aʼzolarining 50 foizdan ortigʻi bitta tashkilot vakili boʻlishi mumkinligi borasidagi amaliyotga barham berildi. Avvallari saylov komissiyasi aʼzolarining barchasi bitta tashkilotdan boʻlar edi. Tabiiyki, bunday sharoitda adolat va shaffoflikni taʼminlash imkoni boʻlmagan.
Ishonamizki, nafaqat shaklan, balki mazmun-mohiyati bilan yangilangan bu yilgi saylov hamyurtlarimizning yuksak faolligida oʻtib, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yanada oshishiga zamin yaratadi. Xalqimiz siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan 5 nafar nomzodning eng munosibini tanlashiga shubhamiz yoʻq.
Jumladan, mamlakatimizda eng koʻp saylovchi ovoziga ega 11-Fargʻona okrug saylov komissiyasi tomonidan ham mazkur jarayonga tayyorgarlik ishlari amaldagi qonunchilik meʼyorlariga muvofiq tarzda olib borilyapti. Bosh maqsadimiz bitta – mamlakat hayoti va taqdiriga daxldor ushbu masalada faqat va faqat qonun ustuvorligini taʼminlashdir.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring