Malika QULJANOVA: “Har bir neʼmatga shukr qilib yashash kerakligini bemorlarimiz misolida koʻrmoqdaman…”

10:32 26 Avgust 2020 Jamiyat
1075 0

Ayni kunlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi qahramonlarcha kurash olib borayotgan tibbiyot xodimlarining mehnati har qancha tahsinga loyiq. Ana shunday fidoyi tibbiyot xodimlaridan biri, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi chaqaloqlar patologiyasi boʻlimi katta hamshirasi Malika QULJANOVA bilan suhbatimiz samimiy kechdi.

— Yurtimizda ilk bor koronavirus infeksiyasi aniqlanganini eshitganingizda xayolingizdan nimalar oʻtdi?

— Mana shunday paytda bemorlarga yordam berishim kerakligini anglab yetdim. Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi xodimlari ushbu ishga safarbar etilganini koʻrib, ularning yonida boʻlgim keldi. Bemorlarga yordam berish istagi menga bir daqiqa ham tinchlik bermadi. Oʻzim Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar patologiyasi boʻlimida katta hamshiraman. Ishxonamizning bosh hamshirasiga uchrashib, meni koronavirus yuqtirgan kasallar parvarishi uchun joʻnatishini iltimos qildim. Tashabbusimni qoʻllab-quvvatlab, ularga yordam berishimga sharoit yaratib berishdi.

— COVID-19ga chalingan bemorlar bilan bevosita muloqotda boʻlganda, kasallikni yuqtirib olishdan qoʻrqmadingizmi?

— Avvalo, Allohga tavakkal qilib, faqat unga ishonganman. Bundan tashqari, bemor bilan bevosita muloqotda boʻlganimiz uchun oʻzimizni ham himoya qila olishimiz zarur. Shu bois, tibbiyot niqoblarini, maxsus kiyimlarni oʻta ehtiyotkorlik bilan almashtiramiz. Bu uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtdik va imtihon topshirib, keyin ishga kirishdik.

Hamshiralarga bugungi kunda talab kuchli, koʻp vazifalar yuklatilgan. Hamshira qachonki shifokor buyurgan muolajani oʻz vaqtida mehr bilan bajarsa, bu faqat bemorga yordam beradi.

— Yurtimizning bir guruh tibbiyot xodimlari koronavirusga qarshi kurashishda koʻmaklashish uchun Tojikiston Respublikasi boʻlib qaytishdi. Ular safida siz ham hamshira sifatida borib keldingiz. Taassurotlaringiz...

— Yashirmayman, Tojikistonga safarimiz menga ulkan masʼuliyat yukladi. Bu yurtdagi bemorlarni davolash uchun boradigan shifokorlar safida boʻlganimdan xursandman.

Malakali mutaxassislardan iborat guruhimiz Tojikistondagi hamkasblariga koronavirusga chalingan bemorlarni davolash borasida katta amaliy koʻmak berishdi, tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Bu yerdagi faoliyatimiz ogʻir boʻlishiga qaramasdan zavq bilan ishladim.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, koronavirus har qanday insonni tushkunlikka solib qoʻyishining guvohi boʻlyapman. Bu kasallikdan shifo topishda eng muhimi, kasallikni yengib oʻtishga boʻlgan ishonchdir.

— Kasbingizdan mamnunmisiz?

— Albatta, shu kasbim orqasidan xalqimning mehrini qozondim. Kasbimni faqat ishxonada emas, balki qayerda mening yordamim kerak boʻlib qolganini koʻrsam, oʻsha yerda davom ettirib ketaveraman. Reanimatsiya boʻlimida ishlaganim hayotda menga juda qoʻl keladi. Hamshira boʻlib, hech kimning dilini ogʻritmaslikni oʻrgandim. Bizga berilgan har bir neʼmatga shukr qilib yashash kerakligini bemorlarimiz misolida koʻrmoqdaman. Qolaversa, yaqinda Prezidentimiz farmoni bilan kamtarin mehnatim eʼzozlanib, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganim ham kuchimga kuch qoʻshdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?