Malakali yuridik yordam olish huquqi endi Konstitutsiyada aks ettiriladi
Toshkent davlat yuridik universitetida “Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar — olimlar nigohida” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi belgilanmoqda. Qonunda nazarda tutilgan hollarda, yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlar huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda prokuraturaga oid konstitutsiyaviy normalar qanday alohida bobda aks ettirilgan bo‘lsa, xuddi shunday advokaturaga bag‘ishlangan yangi bob kiritilayotganligini tarixiy ahamiyatga ega voqelik sifatida baholashdi. Zero, bu orqali ayblov va himoyaning tom ma’noda tengligini ta’minlashning mustahkam konstitutsiyaviy asoslari yaratilmoqda.
Konstitutsiyada belgilanayotganidek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilmoqda. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokatura faoliyatini tashkil etish va uning tartibi qonun bilan belgilanadi. Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan to‘sqinliksiz va holi uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Eng muhimi, advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi.
Konferensiyada ta’kidlanganidek, sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan amalga oshirilishi Konstitutsiya bilan mustahkamlanmoqda. Bu o‘z navbatida, odil sudlovni to‘liq va mustaqil ravishda amalga oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyihada O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi ko‘zda tutilmoqda. Davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar faqat qonun bilan belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatizimzda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring